Qoraqalpog‘iston bayrog‘i qabul qilingan kun
Nukus shahri markazidagi O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari davlat bayroqlari o‘rnatilgan maydonda “Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Dastlab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari davlat madhiyalari yangradi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni bayroq qabul qilinganining 30 yilligi bilan muborakbod etdi.
[gallery-9959]
“Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonun 1992 yil 14 dekabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining XI sessiyasida qabul qilingan. Bayroq yaxshilik, donishmandlik, poklik, go‘zallik, tinchlik va yangilanish kabi tuyg‘ularni o‘zida jamlagani bilan ahamiyatlidir. Shunday ekan, davlat bayrog‘ini ko‘z qorachig‘idek asrash, uni ulug‘lash va balandlarga ko‘tarish – har birimiz uchun ona Vatan oldidagi farzandlik burchimiz hisoblanadi.
So‘nggi yillarda aholi hayotida, turmushida katta o‘zgarishlar, yangilanishlar yuz bermoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbuslari, belgilab bergan dolzarb vazifalari kundalik hayotimizda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. bugungi kunda aholi farovonligini ta’minlash yo‘lida yurtimizning barcha hududlari singari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga chin ma’noda taraqqiyot, yangilanishlar davri sifatida e’tibor qaratilyapti. Bu har jabhada ko‘zga tashlanmoqda. Aholi esa shundan mamnun.
Tadbir san’at ustalarining konsert dasturi bilan davom etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA