Qorako‘lda “Acharya” universiteti faoliyat boshlaydi
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 5 iyuldagi qarori bilan viloyat hokimligi, Hindiston Respublikasining “Acharya” institutlar tarmog‘i hamda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamkorligida “Acharya” universitetini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Qarorda belgilanishicha, IT-klaster tarkibidagi universitetda ta’lim faoliyati 2023/2024 o‘quv yilidan boshlanadi. Talabalarni o‘qitish grant va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
O‘qitish kunduzgi, sirtqi, kechki va masofaviy shakllarda olib boriladi.
Universitet bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan “Acharya Institutes” (Hindiston)ning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.
Shuningdek, IT-klaster hududida 1 300 o‘ringa mo‘ljallangan talabalar turar joyi, 15 o‘rinli mehmonxona, 100 o‘rinli inkubatsiya markazi va 50 o‘rinli masofaviy xizmatlar eksporti markazi, oshxona hamda ochiq va yopiq turdagi sport komplekslari qurilishi qayd etilgan.
Hamkor sifatida “Acharya” institutlar tarmog‘i tanlangani bejiz emas. Ma’lumotlarga qaraganda, bu ilm dargohi 1990 yilda Bangalor shahrida o‘z faoliyatini boshlagan. Hindistondagi bu yirik shahar sanoat va raqamli texnologiyalar sohasida dong taratgan. Mazkur institutlar tarmog‘i xorijiy talabalarga egaligi jihatidan dunyo reytingida kuchli qirqtalikka kirgan. Unda jahonning 75 davlatidan yoshlar tahsil oladi.
“Acharya” universiteti faoliyat yuritishi uchun hozirgi kunda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga litsenziya olish zarur bo‘lgan hujjatlar taqdim etilgan. Demak, yaqin kunlarda universitet rasman faoliyat boshlaydi.
“Acharya” universiteti IT klasterining bir qismi. Unda BPO, KPO va Innovatsiya markazi ham joylashgan. IT-klaster talabalarga kampusdagi sanoat tarmoqlari orqali amaliy tajriba o‘tkazish imkonini beradi.
Universitet Cloud hisoblash, kompyuter fanlari, ma’lumotlar bazasi bilan ishlash, kiberxavfsizlik bo‘yicha dasturlarni taklif qiladi.
Universitetning asosiy ustuvor tomonlari yiliga 1440 talaba, xalqaro sertifikatlash va IBM, Microsoft, Google va boshqa yirik kompaniyalar kabi global IT gigantlari bilan hamkorlikda ishlash, barcha talabalar uchun bepul noutbuklar, qobiliyatli talabalar uchun 100 grant, ota-onasi o‘qituvchi bo‘lgan talabalarga qisman grant ajratish, Hindiston, AQSH, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlar bilan almashinuv dasturlarini amalga oshirishdan iborat.
Zarif Komilov, O‘zA