Qorako‘l bilim chashmasini ochgan ustoz yodi
Ikkinchi maqola (O‘zA saytida avval ushbu maktab faoliyatiga bag‘ishlagan birinchi maqola e’lon qilingan edi)
Ustoz zoti haqida umumiy gaplarni ko‘p gapiramiz, yozamiz, ularning inson hayotidagi o‘rnini e’tirof etamiz. Ammo qalbimizga yaqin, ongu shuurimizda chuqur iz qoldigan, hayotimizda tub burilish yasashga sababchi bo‘lgan, eng yaqinimizday bo‘lib qolgan sodda, samimiy ustozlarimizni alohida mehr va hayajon bilan eslaymiz, bir umr eslaymiz, doim qadrlaymiz. Kasbiga sadoqatli, o‘z ortidan ko‘plab yoshlarni ergashtira oladigan murabbiylarimizni bir umrga o‘zimizga namuna qilib olamiz.
Men bilganim — bugun turli jabhalarda qizg‘in faoliyat olib borayotgan, o‘z o‘rniga ega minglab yoshlar O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi, “El-yurt hurmati” ordeni va “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi To‘xtamurod Jumayevni ana shunday o‘zgacha mehr bilan eslaydi. Nafaqat qorako‘llik yoshlar, balki yurtimizning turli burchaklaridagi yigit-qizlarning hayotda o‘z o‘rnini topishlarida bu insonning hissasi, o‘gitlari, hayot tajribalari haqida so‘zlab bergan xotiralari alohida o‘rin tutishi aniq. Shaxsan menda shunday. Qariyb 20 yilga yaqin muddat o‘tgan bo‘lsa-da, Jumayev domlamizning sodda, samimiz kulib turgan chehrasi, har hafta bo‘ladigan muloqot yig‘ilishlarida jonkuydirib gapirishlari, hayotiy tajribalari, ko‘rgan-bilganlari haqida so‘zlab bergan xulosalari hamon qulog‘im ostida jaranglaydi. Chunki ustozning o‘zida ham, so‘zida ham soxtalik, yasamalik yo‘q edi, har doim samimiy gapirardilar, haq gapni aytardilar, har qanday vaziyatda ham to‘g‘ri qaror chiqara olardilar.

Ustoz ta’limda ham to‘g‘ri metod va yondashuvlarni, tartib-qoidalarni tanlay olgan ekanki, bugun Qorako‘l ziyo maskanini — Jumayev maktabini hamma yaxshi biladi. Fidoyi ustozimiz yaratgan yangicha ta’lim metodikasi o‘zini oqlagani uchun bugun butun respublikamiz bo‘ylab tatbiq etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yilda O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida Qorako‘l maktabi haqida, To‘xtamurod Jumayevning ta’lim-tarbiya sohasida erishgan ulkan yutuqlari va ibratli faoliyati haqida alohida to‘xtalib, “To‘xtamurod domla ham, jadid bobolarimiz kabi, tinimsiz va fidokorona mehnat qilib, hozirgi davrning yangi usul maktabini yaratishga erishdi. Mana, bugungi kunimizning haqiqiy ma’rifatparvari, davrimizning Avloniysi, Behbudiy domlasi, Munavvarqorisi!
Bunday ulkan natijaga erishish uchun albatta o‘ziga xos o‘qitish tizimi bo‘lishi kerak. Ayni vaqtda bunday yutuqlar zamirida insonning o‘z kasbiga, Vataniga mehri va sadoqati, yuksak mas’uliyat tuyg‘usi mujassam, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz”, degan edi.

Davlat rahbarining bunday e’tirofi nafaqat ustoz va maktab jamoasini, balki Qorako‘l maktabidan katta hayotga qadam qo‘ygan biz sobiq bitiruvchilarni ham to‘lqinlantirib yubordi — ko‘zimda yosh, qalbimda titroq va hayajon bilan tinglagan edim. Tantanali marosimda onlayn ishtirok etgan ustozlarimizni oynai jahonda ko‘rib quvongandim. Bir paytlar ustozning “maktabimiz erishgan natijalar Prezident nigohiga tushsa edi, boshqacha o‘zgarishlar bo‘lardi, imkoniyatlarimiz kengayar edi...”, deya qilgan orzulari yodimga tushib, “domlamizning niyatlari ushaldi”, deb ich-ichimdan xursand bo‘lgan edim.
O‘sha hayajonli onlarga bir yil to‘ldi. O‘tgan bir yil davomida Prezident topshirig‘i bilan joylarda Qorako‘l maktablari tashkil etilmoqda. Ammo bu maktabning poydevorini qo‘ygan, minglab yoshlar hayotiga zamin yaratgan, o‘ziga xos metodni boshlab bergan ustoz xotiraga aylandi. Og‘ir dard domlamizni oramizdan olib ketgan kun hammamiz motam og‘ushida qoldik, butun Qorako‘l, Olot xalqi oyoqqa turdi. Chunki hududdagi deyarli har ikki xonadonning birida bir emas, bir nechta farzandu nevaralar ushbu dargohda tahsil olib, o‘z yo‘lini topgan, shu bois odamlar ustozdan, Qorako‘l maktabidan hamisha minnatdor.
Ayni kunlarda To‘xtamurod Jumayevning hayot yo‘li, Qorako‘l maktabini tashkil etishdagi zahmatlari va yutuqlari, shogirdlari taqdirida o‘chmas iz qoldirgani aks ettirilgan “Zamon Avloniysi” spektakli Qorako‘l tuman madaniyat markazida namoyish etilayotgani ustozimiz va u kishining mehnatlariga bo‘lgan hurmat-e’tibor namunasidir.
Anchadan buyon dilimga tugib yurganim — Jumayev domla yodi haqida hamkasblariyu shogirdlarining fikrlarini ulashish istagi ustoz va murabbiylar kunida yuzacha chiqdi.
Nurillo Yaxyoyev,
Navoiy shahridagi matematika, fizika va ingliz tiliga ixtisoslashgan Navoiy-Qorako‘l maktab internati direktori:
— To‘xtamurod Jumayev Qorako‘l maktabiga asos solgan ilk yillardan boshlab direktor o‘rinbosari sifatida ular bilan birga ishlaganman, qadamba-qadam yurganman. Shuning uchun ularni menchalik yaqindan biladigan inson bo‘lmasa kerak.
Maktab tashkil qilingan 90-yillarda hech kim bizga ishonmagan, uyma-uy yurib ota-onalarga tushuntirganmiz, o‘quvchi yig‘ganmiz. Ustimizdan kulganlar ham bo‘lgan. 1993 yilda maktab-internatning 40 nafar birinchi qaldirg‘ochlaridan 38 nafari oliy o‘quv yurtiga kirganidan keyin odamlar ishonch bildira boshlagan. O‘sha yildan boshlab o‘quvchilarimiz respublika fan olimpiadalariga ham chiqa boshlagan.
Domla bilan yonma-yon ishlab, ulardan ta’lim metodikasidan tashqari, eng avvalo, insoniylikni, odamgarchilikni o‘rganganman. Juda sodda, samimiy inson edi, kibr, manmanlik, dimog‘dorlikni umuman bilmasdilar. Doim oshxonada o‘quvchilar bilan birga ovqatlanardilar. Hech qachon o‘zlariga alohida ovqat tayyorlatgan yoki alohida tayyorgarlik qildirgan rahbar emas. Aksincha, kamtarlikda hammamizga namuna bo‘lganlar. Hech ko‘z oldimdan ketmaydi. Tushlik vaqti ovqatlanish uchun o‘qituvchilar stoliga o‘tirsak, non idishida qolib ketgan, suvi qochib, qotgan nonlarni birinchi bo‘lib olardilar, o‘sha nonlar tugagandan keyingina yangi non olib kelinardi. Biz o‘qituvchilar ham ulardan o‘tib, yangi nonga qo‘l uzatmasdik.
Kamtarliklari borasida aytganda, yana bir qiziq holat esimga tushdi. Bir gal poytaxtdan Qorako‘lga qaytayotganimizda poyezdga bilet oladigan bo‘ldik. Men kupe vagonga olaman desam, domla “yo‘q, oddiy plaskartga olavering”, dedilar. Poyezdga chiqdik. Sahar vaqti Navoiyga yetganimizda, vagon nazoratchisi hammani uyg‘otdi. Shu yerda bir ayol Qorako‘ldan ekanligimizdan xabar topib, “Qorako‘lda bir maktab bor, shuni bilasizlarmi, bolamni o‘qitmoqchi edik”, deb qoldi. “Ha bilamiz, nima yordam kerak”, dedim. Meni kimligimni, qayerda ishlashimni so‘radi. Men o‘sha maktabda ishlashimni aytdim. Shu payt yuvinish xonasidan To‘xtamurod domla kelib qoldilar. Bu kishi o‘sha maktab direktori ekanligini aytganimda, haligi ayol ishonmadi. “Hazillashyapsizmi, aldamayapsizmi”, degan qarash bilan lol bo‘lib turardi. Haqiqatda Qorako‘l maktabi direktori va direktor o‘rinbosari ekanligimizni aytganimizda, “Ehhe, shunaqa mashhur maktabning direktori shunaqa sodda, oddiy odammi?! Biz u dong‘i ketgan maktabning hatto oddiy domlalari ham inson zoti bilan gaplashmasa kerak deb o‘ylarkanmiz. Juda oddiy odamlar ekansilarku!”, deya hayratlangandi. Manziliga yetib, vagondan tushayotganda yana orqasiga qaytib, “rostdan o‘sha maktabdanmisilar?”, degan edi...
Haqiqatan ham Jumayev domla maktabning shon-shuhrati, erishgan natijalari bilan hech qachon kibru havoga berilmaganlar. Hamisha sodda va samimiy, kamtar insonliklaricha qolganlar.
Maktab tashkil qilingan dastlabki yillarda uylaridan maktabgacha —5 kilometr masofaga piyoda kelib-ketardilar. Har kuni. 4 gektar maydonga ega maktab hududini ham har kuni 4-5 marta aylanib kuzatib chiqardilar. Kamchiliklar, qilinadigan ishlar bo‘lsa aytib, o‘zlari bosh-qosh bo‘lar edi. Bir yili hududdagi bo‘sh yer maydonida archazor barpo etiladigan bo‘ldi. To‘xtamurod domla oyoqlariga rezina etik kiyib, uzun cho‘pni o‘lchab kesib oldi-da, ishga tushib ketdi. “Ko‘chatlar oralig‘i bir xil bo‘lishi kerak, har tomondan qaraganda, simmetriya bo‘lsin”, deb o‘zlari o‘lchab, birga o‘tqazishib chiqqanlar. O‘sha archalar 2-3 yil gurkirab o‘sdiyu sovuq urib qurib ketdi. Keyin o‘rniga o‘rik ko‘chatlarini ektirgandilar, hozir o‘sha ko‘chatlar daraxtga, chiroyli bog‘ga aylangan...
Domla juda mas’uliyatli edilar, erinmasdilar, biror joyga aytilgan soatidan kechga qolmaganlar. Ishdan keyin uylariga qaytish uchun yo‘lga chiqqan vaqtda ish yuzasidan telefon bo‘lsa yoki biror muammo chiqib qolsa, albatta, yo‘ldan qaytib, ish kabinetlariga kirib eshitardilar, hech qachon yo‘l-yo‘lakay ish qilmagan.
Maktab uchun jonkuyar, o‘z kasbiga juda sadoqatli bo‘lgan. So‘nggi paytlarda ahvollari yomonlashib qolganda ham maktabdan uzilmagan, hatto operatsiyaga kirishlaridan oldin ham jarrohga “shoshmang, biroz vaqt bering, operatsiyadan keyin 3-4 kun o‘zimga kelmasam kerak. Shuning uchun vazifalarni tayinlab olay”, deb meni chaqirgan va qilinadigan ishlarni, vazifalarni birma-bir tushuntirib, keyin kirib ketgandilar.
Jumayev juda matonatli, kengfe’l, bag‘rikeng inson edi, insonni eshitishni bilardi. Bir gal sinf xonasida stol-stul sinib yotganini ko‘rib meni urishganlar. Men esa to‘lib turgan bo‘lsam kerak, qiziqqonlik qilib, “ bu mening ishim emas, xo‘jalik ishlari mudirining ishi. Hammasi jonimga tegdi, bo‘ldi ishlamayman”, deb eshikni qattiq yopib chiqib ketganman. Kechqurun bir payti domla “mehmon olasizlarmi”, deya kulib kirib keldilar uyimga. Birga o‘tirib choy ichdik, ovqatlandik. Keyin ketishga chog‘lanib, “maktab eshigini taraqlatib yopgandan ko‘ra, yuzimga bir shapaloq urganingiz yaxshi edi. Maktab, ta’lim hammamizning ishimiz. Bu mening ishim emas, desak, litseyimizda tartib qolmaydi, hech bir sohada rivojlanish bo‘lmaydi. Ertaga ishga chiqing”, dedilaru ketdilar. Men esa qilgan ishimdan uyalib, uzr so‘raganimcha qoldim.
Domla insonning iste’dodini, ichida borini yuzaga chiqarishga usta edi. Masalan, men boshqa bir jamoada ishlaganimda, aniq bilaman, bu darajaga yetib kelolmasdim. To‘xtamurod Jumayevdan o‘rganganlarim, ko‘rganlarim, ularning talabchanligiga javoban ish olib borganim menga katta maktab bo‘lgan.
Bir so‘z bilan aytganda, To‘xtamurod Jumayev kasbdoshlariga ham, shogirdlariga ham insoniylikda, ta’limda, rahbarlikda namuna bo‘lgan inson, Qorako‘l ilm chashmasini igna bilan ochgan fidoyi zot.
Azima Qiyosova,
“O‘zbekiston24” teleradiokanali muxbiri:
– Qorako‘l maktabiga kirish uchun har oy imtihon bo‘lardi. Shu ballar yig‘ilib, yil so‘ngida kirish imtihonlariga tavsiya etilganlar nomi e’lon qilinardi. 14 yoshli qizman, yuragim orzu havaslarga limmo-lim. Maqsadim katta: nima bo‘lsa xam shu maktabga kirishim kerak. Har gal qishloqdan imtihon topshirish uchun maktabga kelaman, natijalar yomon emas, yaxshi bahoga topshiraman. Lekin maktab direktori To‘xtamurod Jumayevning savlatiyu salobati, qattiqqo‘lligidan sal cho‘chirdim. Xayolimda juda qo‘pol va urushqoq kishidek ko‘rinardi.
G‘alvir suvdan ko‘tarildi. O‘sha baxtli lahzalarni eslash qanchalik maroqli men uchun — litseyga kirdim. Birinchi qo‘ng‘iroqni chalganim hali-hanuz esimda. Tez orada Jumayev bilan yaqindan tanishdik. Sababi ustoz a’lochi va faol o‘quvchilarni tezda payqar, oldiga chaqirib, topshiriqlar berardi. Aslida bilsam, juda ko‘nglibo‘sh, mehribon va oliyjanob inson, o‘ziga va o‘zgalarga, ayniqsa, o‘quvchilarga talabchan ekan. Har gal yuragimni qo‘lga olib turardim, nima bo‘lsa ham Jumayevning ishonchini oqlashim kerak. 6 oydan so‘ng qizlar turadigan yotoqxonaga meni boshliq qilib qo‘yishdi. Bu mas’uliyatli vazifani ado etishim shart edi, chunki domla qizlarning tarbiyasiga juda qattiq e’tibor berar edilar.
Ko‘z ochib yumguncha maktabni bitirdik. Bitiruv kechasida ustozdan duo oldim, “bu qizimiz hali mashhur jurnalist bo‘ladi, buni hali el taniydi, bunga ishonaman”, dedilar. Hamon qulog‘im ostida jaranglaydi bu so‘zlar...
Ba’zida ish jarayonida qiynalib qolsam, domlaning shu gapini eslayman, harakat qilishim kerak, izlanishim va kurashishim kerak deyman o‘zimga o‘zim. Ustozimiz Jumayevning ishonchini oqlashim shart, deb o‘zimga tasalli beraman va qayta kuchga to‘laman. Aynan mening hayotimda ustozning o‘rni va o‘gitlari juda katta. Men singari minglab litseydoshlarimiz hayotida ham shunday bo‘lsa kerak. Ustozimizning ruhlari shod bo‘lsin...
Husan Tangriyev,
O‘zbekiston Respublikasi Davlat Bojxona qo‘mitasi xodimi:
— Bugun O‘zbekistonning istalgan nuqtasiga borib, “Jumayev maktabi” haqida so‘rasangiz, darrov bilishadi. To‘xtamurod Jumayevning uzoq chekkan zahmatlari evaziga tashkil etilgan bu maktabda kechgan to‘rt yillik hayotimiz katta hayot yo‘lida juda qisqa fursat bo‘lsa-da, biz kabi yuzlab o‘quvchilarning butun bir umriga tatigulik! Oradan 20 yil o‘tgan bo‘lsa-da, haligacha litsey muvaffaqiyatlarining siri haqida ko‘p so‘rashadi.
Litseyning sobiq o‘quvchisi sifatida aytishim mumkin-ki, u yerda boshqalardan yashiriladigan hech qanday sirning o‘zi yo‘q! Muvaffaqiyatning eng katta omili Jumayev domla rahbarligida litseyga o‘quvchilarni saralab olish mexanizmi halol va to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan.
Ikkinchi omil shundaki, saralab olingan bolalar o‘rtasida ham, ularga saboq beradigan o‘qituvchilar o‘rtasida ham sof raqobat muhiti shakllangan edi. Eng muhimi, biz o‘quvchilarda g‘oyaviy bo‘shliqning o‘zi yo‘q edi. Ta’bir joiz bo‘lsa, ongu shuurimizni zab etgan mo‘’jazgina g‘oya ham, mafkura ham bitta — fan olimpiadalarida yutish, oliygohga kirish!
Biz litsey 2001 yilda katta hayotga uchirma qilgan o‘n birinchi qaldirg‘ochlar safidanmiz. Bu safda AQSH, Ruminiya, Janubiy Koreya kabi davlatlarda bo‘lib o‘tgan xalqaro matematika olimpiadasida ishtirok etib, kumush va bronza medallarni qo‘lga kiritgan Umid Rahmonov, Zulfiddin Kamolovlar bor. Bu safda litseyni muvaffaqiyatli tugatib, oliygohlarga oldingi o‘rinlarda qabul qilingan o‘quvchilar bor, bu safda bugun ustozlari ortidan borib, shu dargohning o‘zida yoshlarga saboq berayotgan o‘nlab yosh o‘qituvchilar bor! Eng muhimi, bu safdagilar katta hayotda o‘z yo‘lini topib, davlatimizga, jamiyatimizga nafi tegayotganlardir barchasi!
Barcha muvaffaqiyatlarimiz zamirida esa ustozimiz To‘xtamurod Jumayev boshlab bergan o‘ziga xos metod, maktabda yaratilgan muhit, tartib-intizom mujassam.
Muhtarama Komilova, O‘zA
Ikkinchi maqola