Qorako‘lchilikni rivojlantirish yo‘lida
Jizzax viloyati Forish tumanidagi qorako‘lchilikka ixtisoslashgan “Bog‘don” naslchilik zavodida xo‘jaliklararo naslli qo‘chqorlarni almashtirish va sotib olishni ta’minlash bo‘yicha an’anaviy ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.
Jizzax viloyati Forish tumanidagi qorako‘lchilikka ixtisoslashgan “Bog‘don” naslchilik zavodida xo‘jaliklararo naslli qo‘chqorlarni almashtirish va sotib olishni ta’minlash bo‘yicha an’anaviy ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zbek qorako‘li” kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizdagi qorako‘lchilik va echkichilikka ixtisoslashgan barcha naslchilik zavodlari va xo‘jaliklari, birlashmalar, uyushmalar, ilmiy-tadqiqot muassasalari mutaxassislari va tadbirkorlar ishtirok etdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 103 qorako‘lchilik shirkat xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ulardan 20 tasi naslchilik zavodi, 18 tasi naslchilik xo‘jaligi maqomiga ega. Keyingi yillarda olimlarimiz chorvadorlar bilan hamkorlikda qorako‘l qo‘ylari naslini yaxshilash, yaylovlar hosildorligini oshirish bo‘yicha salmoqli natijalarga erishdi. Qorako‘l qo‘ylarining sakkizta yangi zoti yaratildi. Yaylovlar hosildorligini oshirish uchun besh xil o‘simlik navi yaratilib, elita urug‘chiligi yo‘lga qo‘yildi.
Seminar naslchilik zavodlari va xo‘jaliklarida yetishtirilgan naslli qo‘chqorlar, sohada qo‘llaniladigan zamonaviy texnika va jihozlar, turli dori-darmon va preparatlar ko‘rgazmasi namoyishi bilan boshlandi.
Sur, ko‘k va qora rangli nasldor qo‘chqorlar, mamlakatimiz va xorijda ishlab chiqarilgan yangi dorilar, profilaktika va dezinfeksiya vositalari, zooveterinariya apparatlari, yaylov o‘simliklarining yangi turlari, ayniqsa, katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbirda qorako‘l zotli qo‘ylar genofondini saqlab qolish, qorako‘lchilik xo‘jaliklarida seleksiya-naslchilik ishlarini takomillashtirish, zotli qo‘chqorlarni ko‘paytirish, ishlab chiqarishga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama etildi. Mahsulotni qayta ishlash, sotish, qishlov uchun chorva ozuqasi jamg‘arish, sohaga malakali kadrlar tayyorlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
– Qorako‘lchilikni serdaromad tarmoqqa aylantirish uchun naslchilikni yaxshilash, ozuqa bazasini mustahkamlash bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar o‘z samaralarini bermoqda, – deydi “O‘zbek qorako‘li” kompaniyasi raisi Nurbek Yo‘ldoshev. – Ko‘rgazmaga olib kelingan naslli qo‘chqorlar xo‘jaliklararo almashtirildi. Qorako‘lchilik xo‘jaliklari o‘rtasida naslli qo‘chqorlarni almashtirish bo‘yicha foydali kelishuvlar imzolandi.