Qo‘qon davlat universitetida “Hosil bayrami” ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi
Kuz — nafaqat yilning eng go‘zal va maromli fasli, balki peshana teri evaziga yetishtirilgan zamin saxovatining sarhisobi, shukronalik va to‘kin-sochinlik ayyomidir. Qo‘qon davlat universitetining Tabiiy fanlar va iqtisodiyot fakultetida o‘tkazilgan an’anaviy “Hosil bayrami” tadbiri ham aynan ushbu fayzli faslning haqiqiy tarovatini namoyon etdi.
Tadbir o‘tkaziladigan maydon ertalabdanoq o‘zgacha shukuhga burkandi. Fakultet hovlisi zaminimizda yetishtirilgan poliz ekinlari, sarxil meva-sabzavotlar hamda rang-barang kuz ne’matlaridan tayyorlangan kompozitsiyalar bilan bezatildi. Har bir yo‘nalish talabalari o‘z sohasiga xos ijodkorlik va bilimdonlikni namoyish etgan holda, stendlarni milliy uslubda, o‘zgacha mehr va mahorat bilan shakllantirishdi.


Ko‘rgazmada nafaqat zamin ne’matlarining to‘kinligi, balki talabalarning yuksak tasavvur kuchi va jamoaviy ahilligi ham bo‘y ko‘rsatdi. Biologlarning tabiat va hayot uyg‘unligini aks ettirgan kompozitsiyalaridan tortib, kimyogarlarning o‘zgacha yondashuvi, geograflarning yer resurslari boyligini namoyish etishi hamda menejerlarning taqdimot mahorati barchada katta qiziqish uyg‘otdi.
Hakamlar hay’ati uchun g‘oliblarni aniqlash oson bo‘lmadi. Chunki har bir jamoa taqdimotiga alohida tayyorgarlik ko‘rgan, har bir ko‘rgazma o‘ziga xos g‘oya va bezakka ega edi. Ishtirokchilarning bilimi, ko‘rgazmaning kreativligi hamda taqdimot mahorati atroflicha baholandi.


Yakuniy natijalarga ko‘ra, 3-o‘rin — bir yo‘la ikki jamoaga: bilimdon va chaqqon Menejment hamda Geografiya yo‘nalishlari talabalariga nasib etdi. 2-o‘rin — o‘zining betakror ko‘rgazmasi va puxta tayyorgarligi bilan ajralib turgan Kimyo yo‘nalishi jamoasiga berildi. 1-o‘rin — eng yuqori ball to‘plab, tabiat ne’matlarini yuksak mahorat bilan namoyish etgan Biologiya yo‘nalishi talabalariga nasib etdi va ular mutlaq g‘olib deb topildi!


Talabalik g‘ayrat-shijoati, mehnatsevarlik va milliy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan ushbu “Hosil bayrami” barchaga birdek ko‘tarinki kayfiyat, unutilmas taassurotlar va yangi muvaffaqiyatlar uchun kuch bag‘ishladi. Qizg‘in va fayzli bayram shukuhi esa Qo‘qon davlat universitetining boshqa fakultetlari bo‘ylab davom etadi.
