Qopda kartoshka yetishtirayotgan dehqon
Qarshi shahridagi “Arabxona” mahalla fuqarolar yigʻinida 953 ta xonadon mavjud.
Mamlakatimizga kirib kelgan koronavirus pandemiyasi misli koʻrilmagan tashvishlarni keltirgan bir paytda, tomorqalarda yetishtirilayotgan meva-sabzavot va poliz mahsulotlari bilan oilamiz farovonligini, dasturxonimiz toʻkinligini taʼminlash alohida ahamiyatga ega.
Qarshi shahar davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi, toʻrtinchi sektor rahbarligidagi ishchi guruh aʼzolari xonadonma-xonadon yurib aholiga tomorqadan foydalanishning ahamiyati haqida tushuntirish ishlarini olib bormoqda.
Qarshi shahridagi “Arabxona” mahalla fuqarolar yigʻinida 953 ta xonadon mavjud. Ularda 10 ming 223 kishi istiqomat qiladi. Bugun tomorqalarda yer agʻdarish, unga ekin ekish ishlari avjida.
Shu mahallaning “Oltin tepa” koʻchasida yashovchi Sohib Alpanov ham turmush oʻrtogʻi bilan birga yerga mehr berib, unga koʻchat qadashga tayyorladi. Ular har yili bozordan sotib olinadigan 5-6 million soʻmlik sabzavot mahsulotlarini tomorqalarida yetishtiradi. Uy sharoitida jundan ip yigirib, gilam toʻqishadi. Shundan roʻzgʻor but, oila toʻkin.
– Bugun ishchi guruh aʼzolari bilan xonadonlarga kirar ekanmiz, bir xonadonda parranda boqilayotgani, yana bir xonadonda sabzavot mahsulotlari ekilganiga guvoh boʻlmoqdamiz, – deydi Qarshi shahar davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi, toʻrtinchi sektor rahbari Kamoliddin Sultonov. – Bugun kirgan xonadonlarimizning ayrimlarida ekinlarni sugʻorish uchun suv masalasi muammo boʻlayotgani aytildi. Biz ularga ekinlarni tomchilab sugʻorish masalasida amaliy yordam bermoqdamiz.
Izlangan imkon topadi deganlaridek, Ilyos Rajabov parrandachilikni daromad manbai sifatida biladi. U tovuq yetishtirib sotadi. Oila aʼzolari ham shu yumush bilan band. Har yili oʻrtacha 3 mingta tovuq sotadi. Taxminan 15-20 million soʻm roʻzgʻorga daromad olib keladi.
Joʻrabek Xolmatov Yangibogʻ koʻchasi 20 uyda istiqomat qiladi. U qoplarning ichiga kartoshka urugʻini qadadi. Aytishicha, har bir qopdan oʻrtacha 40-50 kilogrammdan hosil olishni rejalashtirgan. Shu vaqtgacha suv masalasida muammo bor edi. Sektor rahbari bu masalani ijobiy hal etish uchun unga tomchilatib sugʻorish moslamasini oʻrnatishga amaliy yordam koʻrsatdi.
Serhosil yerimiz, daromad olishga tomorqamiz bor ekan, doimo undan unumli foydalanib, xonadonlarimizni obod, yashash sharoitimizni munosib holatga keltirish uchun harakat qilishimiz lozim. Mugʻjagul koʻchasi 62 uyda yashovchi Jahongir Rajabov ham bugun yerga ishlov berib, uni koʻchat ekishga tayyorlamoqda. Sektor rahbari tomonidan ekish uchun koʻchatlar berildi.
Maʼlumki, yerga koʻchat qadashda bahorning bir kuni yilga tatiydi. Ishchi guruh aʼzolari bu borada fuqarolarga kerakli koʻrsatmalarni berib kelmoqda.