Qonunchilikka zid holatlar bartaraf qilindi
Boyovut tuman tibbiyot birlashmasida mehnat qonunchiligi talablariga rioya etilishi holati adliya organlari tomonidan o‘rganildi.
Fuqarolar murojaati asosida o‘tkazilgan mazkur tekshiruv tibbiyot sohasida ham huquqiy intizomga qat’iy amal qilinishi zarurligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Boyovut tuman adliya bo‘limi ma’lum qilishicha, o‘rganish jarayonida tibbiyot birlashmasida faoliyat yuritayotgan ayrim hamshiralar bilan bog‘liq mehnat munosabatlarini rasmiylashtirishda qonun talablariga zid holatlar aniqlangan. Xususan, ayrim xodimlarning navbatchilik faoliyati tegishli buyruqlar bilan rasmiylashtirilmagani, ish jarayonida esa hujjatlar nomutanosib tarzda yuritilgani ma’lum bo‘ldi.
Jumladan, hamshira O. Abdurahmonova bilan tuzilgan mehnat shartnomasida uni xo‘jalik hisobidagi pullik xizmatlar bo‘limida navbatchilik qilishga kelishilgan bo‘lsa-da, mazkur vazifa ish beruvchining tegishli buyrug‘i bilan rasmiylashtirilmagan. Shuningdek, navbatchilik grafigida xodimning ism-sharifi ham aks ettirilmagani aniqlandi.
Shu kabi holat hamshira M. Boboyeva bilan bog‘liq holatda ham kuzatilgan. U bilan tuzilgan shartnomada xo‘jalik hisobidagi terapiya bo‘limida navbatchilik qilish belgilanganiga qaramay, bu ham ish beruvchi tomonidan belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagan.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga muvofiq, mehnat shartnomasi imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi, ishga qabul qilish, qo‘shimcha vazifalar yuklash yoki mehnat shartlarini o‘zgartirish faqat ish beruvchining buyrug‘i asosida amalga oshirilishi shart. Mazkur buyruq esa xodimga ish boshlangan kundan e’tiboran uch kun ichida tanishtirilishi lozim. Bu talablarga rioya etilmasligi xodimlarning mehnat huquqlari poymol etilishiga olib kelishi mumkin.
Aniqlangan qonun buzilish holatlari yuzasidan Boyovut tuman adliya bo‘limi tomonidan tuman tibbiyot birlashmasiga taqdimnoma kiritildi. Adliya organlari aralashuvi natijasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bartaraf etildi, tuzilgan mehnat shartnomalariga muvofiq zarur buyruqlar belgilangan tartibda rasmiylashtirildi.
Boyovut tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Otabek Xolmatovning fikriga ko‘ra, bu holat tibbiyot muassasalarida qonunchilikka qat’iy amal qilish, xodimlar huquqlarini himoya qilish va hujjatlar rasmiylashtirilishini tizimli nazorat qilishning ahamiyatini yana bir bor ko‘rsatdi. U qo‘shimcha qilib, rahbarlardan mehnat qonunchiligiga rioya qilishda muntazam chora-tadbirlar ko‘rish va tizimli nazoratni ta’minlashni so‘radi.
Mutasaddilarning fikriga ko‘ra, mazkur holat tibbiyot muassasalarida mehnat qonunchiligiga rioya etish, xodimlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalasi doimiy e’tiborda bo‘lishi shartligini ko‘rsatadi. Bu borada mas’ul rahbarlardan qonun talablariga qat’iy amal qilish, hujjatlarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri rasmiylashtirish talab etiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri