Qonunchilikdagi muhim yangiliklar bank xodimlariga tushuntirildi
«O‘zmilliybank» AJ Navoiy viloyat bosh boshqarmasida sud-huquq sohasidagi so‘nggi o‘zgarishlar hamda «Odil sudlov — 2030» strategiyasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.
Seminar Navoiy tumanlararo iqtisodiy sudi sudyalari B. Djumayev va A.Xamidov ishtirokida o‘tkazilib, unda bank xodimlari, huquqshunoslar, shuningdek davlat organlari va muassasalari vakillari qatnashdi.
Tadbirning asosiy mavzusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 14-avgustdagi PF-160-son Farmoni bilan tasdiqlangan «Odil sudlov — 2030»: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi doirasida nazarda tutilgan muhim yangiliklar bo‘ldi.
Iqtisodiy sud ishlarida qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?
Seminar davomida sudyalar Strategiyada belgilangan, xususan iqtisodiy sudlar faoliyati hamda tadbirkorlik sub’ektlari uchun amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan o‘zgarishlarga alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Jumladan, 2028-yil 1-yanvardan iqtisodiy sud ishlarini proaktiv boshqarish (Proactive Case Management) standarti joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu yondashuv ishni ko‘rib chiqishda aniqlangan ayrim formal kamchiliklarni sudning faol ko‘magida bartaraf etishga qaratilgan.
Shuningdek, da’vo arizalarini qaytarish tartibini takomillashtirish, ish tegishli sudga bevosita o‘tkazilishini ta’minlash, sud binolarida «yagona darcha» tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish ofislarini tashkil etish hamda fuqarolar va tadbirkorlarga zarur ma’lumotlarni bir joyda taqdim etish kabi yangiliklar haqida ma’lumot berildi.
Strategiya doirasida sud mediatsiyasi institutini joriy etish, ayrim toifadagi iqtisodiy nizolarni sudgacha hal etish mexanizmlarini rivojlantirish hamda transchegaraviy nizolarni ko‘rib chiqishning protsessual asoslarini xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish ham nazarda tutilgan.
Sud tizimida raqamlashtirish davom etadi
Seminarda sud tizimini raqamlashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. 2027-yil 1-iyuldan ishlarni qayta ko‘rib chiqish vakolatiga ega hududlararo sudlarni tashkil etish, sud ish yurituvini bosqichma-bosqich to‘liq elektron shaklga o‘tkazish, my.sud.uz interaktiv xizmatlar portali va uning mobil ilovasi imkoniyatlarini kengaytirish rejalari haqida tushuntirishlar berildi.
Bundan tashqari, sud xarajatlari va davlat bojini to‘lash tartibini takomillashtirish, sud hujjatlarini qisqa va tushunarli shaklda tayyorlash, shuningdek ularning ijrosini ta’minlash mexanizmlarini rivojlantirish bo‘yicha rejalashtirilgan o‘zgarishlar muhokama qilindi.
Nazariy ma’lumotdan amaliy muloqotgacha
Tadbirning muhim jihatlaridan biri uning ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgani bo‘ldi. Seminar davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan sudyalarga bevosita savollar berish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Sudyalar tomonidan qonunchilikdagi o‘zgarishlarning amaliy qo‘llanilishi bo‘yicha tushuntirishlar berilib, ishtirokchilarning savollariga batafsil javoblar va tegishli tavsiyalar taqdim etildi.
Bunday uchrashuvlar bank xodimlarining qonunchilikdagi yangiliklardan xabardorligini oshirish, ularning huquqiy bilimlarini mustahkamlash hamda professional faoliyatda yangi talablarni to‘g‘ri qo‘llash nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zA