Qonunchilik palatasining Reglamentiga qanday o‘zgartirishlar kiritilmoqda?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda fraksiya a’zolari qator qonun loyihalari va boshqa masalalarni muhokama qildi.
Yig‘ilishda dastlab «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
— Qonunchilikdagi o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyatini aholiga sodda va tushunarli tarzda yetkazish uchun qonunlarda muqaddimalardan foydalanish tartibi yo‘lga qo‘yilgan, — dedi fraksiya rahbari Ulug‘bek Inoyatov. — Biroq muqaddima qismini parlament majlisida ko‘rib chiqishning huquqiy mexanizmlari yetarlicha ochib berilmagan.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, amaldagi qonunlarga muvofiq, qonun loyihasi bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida ikkinchi o‘qishda ovoz berish, qoida tariqasida, moddama-modda o‘tkaziladi. Bundan tashqari, ovoz berish boblar yoki bo‘limlar bo‘yicha, shuningdek, bir necha moddalar bo‘yicha bir vaqtning o‘zida o‘tkazilishi mumkin. Qonunning muqaddimasi yuqorida sanab o‘tilgan tarkibiy birliklarning birortasiga ham kirmaydi. Qonun loyihasining muqaddimasi ham muhokamadan o‘tgach, tasdiqlanishi maqsadga muvofiqdir.
Mazkur qonun loyihasi bilan qoida tariqasida, uning nomiga, muqaddimasiga (agar mavjud bo‘lsa), har bir moddasiga alohida-alohida ovoz berilishi nazarda tutilyapti. Fraksiya a’zolari bu yangilikni bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi.
Yig‘ilishda shuningdek, yana bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi, Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasining 2022 yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati to‘g‘risidagi axboroti ham tinglandi. Yakunda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan fraksiyaning tegishli qarori qabul qilindi.
M.Komilova, O‘zA