Qonunchilik palatasi deputatlari Navoiyda
Bugungi kunda yurtimizda barcha sohalarni yanada rivojlantirish, yig‘ilib qolgan muammolarni hal etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilib, davlatimiz rahbari tomonidan aniq vazifalar belgilab berilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 26 may kuni mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham mamlakatimizda to‘qimachilik, qurilish materiallari, mebelsozlik sohalarida amalga oshirilishi shart bo‘lgan vazifalar belgilab berilgan edi.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Bahodir Mamatxonov, Kozimjon Tojiyevlar Navoiy viloyatida bo‘lib, amalga oshirilayotgan ishlar, belgilangan chora-tadbirlar ijrosi bilan tanishdi.
Navoiy shahridagi “Xovandamir Holding” MCHJga qarashli “Muhtasham mebellar” fabrikasida ishlab chiqarilayotgan mebelsozlik mahsulotlari o‘z brendiga ega. 150 nafar ishchi mehnat qilayotgan korxonada yillik ishlab chiqarish hajmi 27 milliard so‘mni tashkil etayotgani ham mahsulotlarining sifatliligi va bejirimligini ko‘rsatmoqda.
Partiya raisi Alisher Qodirov va deputatlar korxona rahbari Husniddin Gapparov hamrohligida korxona faoliyati bilan tanishib, ishlab chiqarish quvvatini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, milliy brendni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalarini berishdi.
[gallery-23680]
Deputatlar “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” AJ faoliyati hamda “Navoiy issiqlik elektr stansiyasida 650 MVT quvvatli uchinchi bug‘-gaz qurilmasini qurish” investitsiya loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari bilan ham tanishdi.
Bu yerda mutasaddilar statistik ma’lumotlarda korxonaning ishlab chiqarish quvvatining pasayganligini muqobil elektr energiya ishlab chiqarishning ortgani, aholining elektr energiyasi iste’molida tejamkorlikni oshirganligi bilan izohlashdi.
Ta’kidlash joizki, “Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)” tomonidan moliyalashtirilayotgan ushbu loyiha ishga tushgandan keyin yillik 4800 million kVt elektr energiya ishlab chiqarilib, 256 nafar yangi ish o‘rni yaratiladi. Ish samaradorligi 61 foizdan yuqori bo‘lib, yiliga 870 million kub tabiiy gaz tejaladi.
2026 yilning dekabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan ushbu ob’ektda “Navoiy IES” AJ Bosh direktori Akmal Fayziyev va korxona mas’ullari tomonidan qurilish ishlari haqida ma’lumotlar taqdim etildi.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan saylovoldi dasturida madaniy meros ob’ektlarini muhofazalash, milliy turizmni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Shuni e’tiborga olgan holda partiya faollari Navoiy viloyatining Navbahor tumanidagi ochiq osmon ostidagi muzey – “Sarmishsoy” davlat muzey qo‘riqxonasida bo‘lib, tarixiy maskandagi ahvol bilan tanishdi.
Tarixchi olim va “Sarmishsoy” davlat muzey qo‘riqxonasi ilmiy xodimi Ramazon Egamov bag‘rida 10 mingdan ortiq petrogliflarni jamlagan ushbu tarixiy manzil, qoyatosh bitiklari haqida ma’lumot berar ekan, aslida ajdodlarimiz bu yerda bundan 7 ming yil oldin ham yashaganini tasdiqlovchi tosh asarlar borligini, qoyatosh suratlari ajdodlarimizning usta rassom va ishbilarmon bo‘lganligini aytib, ushbu suratlarning ba’zilari yomg‘ir yoqqanda ko‘rinsa, ayrimlari quyosh nuri tik tushganda paydo bo‘lishini ta’kidladi.
Partiya rahbari Alisher Qodirov qoyatoshlarga tasvirlangan suratlarni ko‘zdan kechirar ekan, tarixiy manbalarning saqlanish holati, ushbu manzilga kelayotgan mahalliy va xorijiy sayyohlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar hamda ishchi-xodim va mutaxassislarning ish jarayonlari bilan qiziqdi.
– Bu yerdagi bitiklar, suratlar oddiy emas. Ularda qadimda shu yerda yashagan odamlarning, ya’ni ajdodlarimizning madaniyati, yashash tarzi, eng muhimi, tarixi aks etgan, – deydi Alisher Qodirov. – Shuning uchun ham bu suratlarni doimo xalqimizning bebaho boyligi sifatida asrashimiz kerak. Qo‘riqxona hududini muhofaza qilish, xodimlar soni va maoshini oshirish, kelayotgan mahalliy va xorijiy turistlarga tashkil qilinayotgan pullik xizmatlarning sifat hamda miqdorini ko‘rib chiqish zarur. Eng muhimi, odamlar ongida 7-10 ming yillik tariximizga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirishimiz kerak. Shu kabi masalalarni tegishli tartibda “Hukumat soati”da ko‘taramiz, Navoiy viloyatidagi turizm yo‘nalishi istiqbollarini Madaniy meros agentligi, turizm bo‘yicha tegishli mutasaddilar bilan muhokama qilamiz.
Uchrashuv so‘nggida deputatlar tomonidan sayohat va dam olishga kelgan aholining tarixiy suratlar ustiga bo‘yoqlar bilan o‘z ismlarini yozish holatining oldini olish, hudud kattaligi va masofa uzoqligini inobatga olib tegishli chora-tadbirlar belgilanishi yuzasidan tavsiyalar berildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari