Qonun va shaffoflik mavzusida ochiq muloqot
Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun va 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan ochiq muloqot va amaliy seminar tashkil etildi.
Bosh qomusimiz qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan “Qomusimni bilmoq istadim” mavzusida o‘tkazilgan seminarda ishtirokchilar Konstitutsiya va sohadagi qonun hujjatlari, fuqarolarning huquq va majburiyatlari hamda ularni amalga oshirish mexanizmlari bilan tanishtirildi.
Shuningdek, “Korrupsiya – kelajak kushandasi” shiori ostida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens boshqarmasi, davlat organlari va mas’ul xodimlar ishtirok etishdi. Shuningdek, ochiq muloqotda korrupsiyaning salbiy oqibatlari, qonuniy javobgarlik va fuqarolarning shaffof ish yuritishdagi mas’uliyati muhokama qilindi.
Seminar qatnashchilari uchun interaktiv savol-javob sessiyasi ham tashkil etildi. Bu sessiyada ishtirokchilarga huquqiy savodxonlikni oshirish va kundalik amaliyotda qonunchilikni to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
– Bunday ochiq muloqotlar xodimlarimizda fuqarolik mas’uliyati va qonunchilikka rioya qilish hissini mustahkamlaydi, – deydi Sirdaryo IES komplayens nazorati yetakchi mutaxassisi Ulug‘bek Sariyev. – Chunki har bir xodim qonunlar va ichki qoidalarni to‘liq anglab, ularni amalda qo‘llash orqali o‘z faoliyatlarini shaffof va samarali olib borishlari mumkin. Bu esa nafaqat korrupsiyaning oldini olishga, balki ishchi muhitda ishonch va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA