Qonun ustuvorligi – iste’molchi manfaatlarining ishonchli kafolati
Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash va qonuniy manfaatlarni ishonchli himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Bugun iste’molchi o‘z haq-huquqi buzilganda murojaat qilish, adolatni tiklash va yetkazilgan zararni qoplatish uchun keng huquqiy imkoniyatlarga ega.
Zarafshon shahrida fuqaro qurilish kompaniyasi bilan ikki xonali xonadon sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzib, umumiy qiymati 295 million so‘m bo‘lgan uy uchun 136 million so‘m mablag‘ni to‘lagan. Biroq qurilish ishlari sifatsiz bajarilgani va xonadon belgilangan muddatda topshirilmagani sababli iste’molchi shartnomani bekor qilish hamda to‘langan mablag‘ni qaytarishni talab qiladi. Ammo bir necha bor qilingan murojaat qurilish kompaniyasi rahbari tomonidan e’tiborsiz qoldiriladi. Shundan keyin fuqaro Zarafshon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qiladi.
Murojaat yuzasidan jamiyat xodimlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida fuqaro keltirgan vajlar o‘z tasdig‘ini topdi. Tomonlar o‘rtasidagi nizoni o‘zaro kelishuv asosida hal etishning imkoni bo‘lmaganidan so‘ng jamiyat iste’molchining qonuniy manfaatlarini ko‘zlab sudga da’vo arizasi kiritdi.
Sud ishni har tomonlama ko‘rib chiqib, da’vo talablarini to‘liq qanoatlantirdi. Sud qaroriga muvofiq qurilish firmasi zimmasiga iste’molchining to‘lagan 136 million so‘m mablag‘ini qaytarish majburiyati yuklatildi. Natijada mazkur mablag‘ to‘liq undirilib, fuqaroning buzilgan huquqlari tiklandi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimi faqat sud orqali emas, balki murojaatlarni tezkor o‘rganish va o‘zaro kelishuv asosida hal etishda ham samarali natija bermoqda.
Nurota tumani Mustaqillik mahallasida yashovchi fuqaro A.Ye. xonadoni uchun 7 million 590 ming so‘mga 165 dona shifer sotib olgan. Biroq tom yopilgandan keyin yog‘ingarchilik paytida suv o‘ta boshlagan va mahsulotning sifati talab darajasida emasligi aniqlangan. Sotuvchiga qilingan murojaatlar ijobiy natija bermaganidan keyin iste’molchi Nurota tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qildi.

Jamiyat mutaxassislari holatni o‘rganib, tadbirkorga amaldagi qonunchilik talablarini tushuntirdi. Olib borilgan huquqiy ishlar natijasida fuqaro xonadonidagi barcha sifatsiz shiferlar yangisiga almashtirib berildi.
Bu kabi misollar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlarning amaldagi samarasini yaqqol namoyon etmoqda. Eng muhimi, fuqarolarda o‘z huquqini talab qilish, qonunga tayanish va adolatga erishishga bo‘lgan ishonch tobora mustahkamlanmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri