Qonun ustuvorligi – bosh shiorimiz
“O‘zbekiston – 2030" strategiyasi to‘rtinchi yo‘nalishi “Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimidagi islohotlar”deb nomlangan bo‘lib, Konstitutsiya va qonunlarning ustuvorligini, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlashni sud-huquq islohotlarining bosh mezoniga aylantirish ko‘zda tutilgan. Demak, qonun ustuvorligi – bosh shiorimiz.
Ushbu yo‘nalishda ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash amaliyotini 30 foizdan 20 foizga tushirish, qonunlarimiz demokratik va liberal bo‘lishiga erishish, insonni ozodlikdan mahrum qilish emas, jazoning muqobil turlari orqali uni tarbiyalash ko‘zda tutilmoqda.
Bunga asosan, sudlar hamda tergov organlari faoliyatida ayrim protsessual harakatlarni masofadan turib amalga oshirish imkoniyatlarini kamida ikki barobarga oshirish bo‘yicha ishlar jadallashtirilib, sud tizimini bosqichma-bosqich raqamlashtirish ishlari bajarilmoqda. Sudga qadar bosqichda nizolarni hal qilish samaradorligini 50 foizga oshirish maqsadida ham sudgacha eshituv, kelishuv, mediatsiya kabi jamoatchilik institutlar faoliyatiga katta e’tibor berilmoqda.
Sud hokimiyatining mustaqilligini kuchaytirish va uning faoliyatida ochiqlikni ta’minlash orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Har bir hududiy sudlarda rasmiy veb-saytlarning ishlayotgani, har chorakda jamoatchilik va OAV bilan uchrashuvlar bu boradagi dadil qadamlar natijasidir.
Tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan ko‘rilayotgan jinoyat ishlarining 100 foizida himoyachi yoki jamoat himoyachisi ishtirokini ta’minlashga erishish uchun advokatlar va jamoatchi himoyachilar rolini oshirishga kirishilgan.
Shu bilan birga hali oldinda qilinishi lozim bo‘lgan ishlar bir talay. Xususan, sud tizimini boshqarishga sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish tamoyilini to‘laqonli joriy etish hamda sudyalar hamjamiyati organlari tizimini to‘liq shakllantirish, Jahon odil sudlov loyihasining Huquq ustuvorligi indeksi bo‘yicha 0,64 ballni to‘plashga erishish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyatini inson manfaatlari, qadr-qimmati va huquqlarini himoya qilishga yo‘naltirish kerak.
Shuningdek, sud va boshqa organlarning hujjatlari ijrosini ta’minlash bo‘yicha ishlar toifasining kamida 30 foizini xususiy sektor yordamida ijro etishni yo‘lga qo‘yish ham hal etilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalardan biridir.
Zafar Bobonov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tumani sudi raisi