Qonun ustuvor
Tabiat – kelajak avlodga qoladigan eng bebaho merosdir. Yovvoyi hayvonot dunyosini asrash, bioxilmaxillikni muhofaza qilish hamda ekologik muvozanatni saqlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Shu bois mamlakatimizda noqonuniy ov qilishga qarshi keskin choralar ko‘rilmoqda va qonun talablarini buzgan har bir shaxsga nisbatan muqarrar javobgarlik qo‘llanilmoqda. Bu esa yurtimizda qonun ustuvorligi ta’minlanayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Ana shunday holatlardan biri Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanida qayd etildi. Tumanning “Imom Buxoriy” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi cho‘l massivida o‘tkazilgan tezkor reyd tadbiri davomida fuqaro Z.S. ov qilish taqiqlangan davrda noqonuniy ravishda ov qilayotgan vaqtida aniqlandi.
Holat yuzasidan tegishli tartibda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 90-moddasi 4-qismi asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Yig‘ilgan hujjatlar huquqiy baho berish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon tuman sudiga taqdim etildi.
Sud ish materiallarini har tomonlama o‘rganib, qonun talablaridan kelib chiqqan holda fuqaroni huquqbuzar deb topdi. Yakuniy qarorga ko‘ra, unga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida, ya’ni 20 million 600 ming so‘m jarima tayinlandi. Shuningdek, huquqbuzarlikni sodir etishda foydalanilgan ov quroli davlat foydasiga musodara qilindi.
Mazkur holat qonunni chetlab o‘tishga urinish jazosiz qolmasligini, tabiatga nisbatan beparvolik va noqonuniy ovchilikka nisbatan murosasiz munosabat shakllanganini yana bir bor namoyon etdi. Tabiat boyliklari alohida shaxsning emas, butun jamiyatning umumiy boyligi hisoblanadi. Uni muhofaza qilish esa har bir fuqaroning nafaqat huquqiy, balki ma’naviy burchidir.
Qonun ustuvor bo‘lgan jamiyatdagina adolat qaror topadi, tabiat muhofaza qilinadi va kelajak avlod uchun sog‘lom ekologik muhit saqlab qolinadi. Shuning uchun har bir fuqaro ovchilik qoidalariga qat’iy rioya qilishi, tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishi va qonun talablarini so‘zsiz bajarishi zarur. Zero, qonunga hurmat Vatanga, tabiatga va kelajakka hurmat demakdir.
Zarif Komilov, O‘zA