Qonun sohadagi munosabatlarni tartibga soladi
Mamlakatimizda inson manfaati yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda. “Inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida davlat organlarining ishlayotgani davlat boshqaruvi va davlat xizmatchilari oddiy odamlarga yaqinlashganligidan dalolat beradi. Vaholanki, bir paytlar fuqaroning rahbar qabuliga kirishi, o‘z muammolarini aytishi juda qiyin masala edi. Xalqni eshitish va muammolarini tezkor hal etish bo‘yicha samarali tizim yo‘lga qo‘yilishi natijasida kutilgan maqsadlarga erishildi. Albatta, bu tizimni mustahkamlash uchun huquqiy asoslar talab etiladi. Aynan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida” gi qonunning qabul qilinishi sohadagi munosabatlarni tartibga solishda muhim dasturilamal bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ko‘p o‘tmay O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan davlat fuqarolik xizmatchilari namunaviy qoidalari hamda odob-axloq komissiyasi to‘g‘risidagi namunaviy nizom tasdiqlandi. Nizom bilan kasbiy faoliyatga oid, xizmat faoliyatiga oid hamda xizmatdan tashqari odob-axloq qoidalari tartibga solinadi. Namunaviy qoidalarga muvofiq davlat fuqarolik xizmatchilari mehnat faoliyati davomida va ishdan tashqari vaqtda davlat xizmatining obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyiladi. Korrupsiyaviy holatlarga murosasiz munosabatda bo‘lish va qarshi kurashiladi. Manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilmaydi. Mas’uliyat, kasbiga sadoqat va halollik kundalik shiorga aylantiriladi. Murakkab vazifalarni bajarishda hamkasblariga ko‘maklashish kabi xulq-atvorning bir qator umumiy qoidalariga amal qilinadi.
Bundan tashqari, xizmat mashinasidan shaxsiy maqsadlarda foydalanmasligi, o‘zining shaxsiy mashinasidan foydalanganda esa tartib-taomillarga amal qilib haydashi, yo‘l qoidalariga qat’iy rioya qilishi zarurligi e’tiborga olingan. Shuningdek, davlat xizmatchisiga xizmat guvohnomalarini saqlash va foydalanish tartibiga qat’iy rioya etish, ulardan xizmatga aloqador bo‘lmagan holatlarda foydalanilmaydi. Vakolatli shaxslarga xizmat guvohnomasini ko‘rsatib, mavqeini suiiste’mol qilmaydi. Xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan idora va tashkilotlar rahbar va xodimlaridan, boshqa mansabdor shaxslardan qimmatbaho sovg‘a olinmaydi.
Tashqi ko‘rinishini belgilangan me’yorlar doirasida saqlash, kamtarona kiyinish, atrofdagilarning e’tiborini o‘ziga ortiqcha jalb qiladigan tarzda kiyinmaslik majburiyatlari yuklangan. Davlat xizmatchilari etikasini buzgan xodimlar intizomiy jazoga tortilishi hamda ogohlantirilishi, rasmiy uzrnoma keltirishi, tanbeh berilishi mumkin.
E’tibor bergan bo‘lsangiz, ushbu odob-axloq qoidalarining deyarli barchasi aslida har bir tarbiyali insonga taalluqli. Lekin oddiy fuqaro ularga rioya qilmasa, bor-yo‘g‘i ma’naviy jazo oladi, ya’ni el-yurt nazaridan qoladi. Agar davlat fuqarolik xizmatchisi rioya etmasa-chi? Endi qonun bor. Qonun unga odob-axloq qoidalariga rioya etmaganligi uchun tegishli jazo tayinlaydi.
Buyuk sarkarda sohibqiron Amir Temur ham davlatni idora etishda adolat tamoyillariga qattiq rioya etilishiga bosh-qosh bo‘lgan. Temurning “Kuch – adolatda!” degan so‘zlari undan keyingi hukmdorlar va avlodlar uchun dasturilamal bo‘lib keldi. Asrlar va zamonlar o‘tsa hamki, bu ibora o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.
Xulosa qilib aytganda, mazkur qonun va qonunosti hujjatlari orqali inson huquqlari va erkinliklari, inson qadri oliy qadriyat deb hisoblangan yurtimizda har sohada adolat bo‘lishi, hech kim haqsizlikka duch kelmasligi, jamiyatdan norozi bo‘lmasligi yo‘lida yangi bir qadam tashlandi.
Shoxruxali Sadillayev,
“Buxoro suv ta’minoti” MCHJ direktori
O‘zA