Qonun loyihasi: o‘zgartirish va qo‘shimchalar
Ayni kunlarda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini yanada takomillashtirish ishlari olib borilmoqda.
Parlament quyi palatasi saylovini o‘tkazish tartiblariga o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi mazkur qonun loyihasining mazmun-mohiyati keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib etilmoqda. Qonunchilik palatasi deputatlari joylarda bo‘lib, loyihada ko‘zda tutilayotgan yangiliklar mohiyatini aholi vakillariga tushuntirmoqda. Jumladan, quyi palata deputati Mavjuda Hasanova Surxondaryo viloyatining bir qator tuman va shaharlarida bo‘lib, targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib bormoqda.

Termiz davlat universitetida o‘tkazilgan “Deputatlar korpusini shakllantirishda majoritar-proporsional saylov tizimi joriy etilishining ahamiyati” mavzusidagi davra suhbatida ishtirokchilar Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmuni bilan tanishtirildi.

– Konstitutsiyaviy qonun loyihasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi (majoritar va proporsional) asosida o‘tkazish, saylov organlarining markazlashgan tizimini shakllantirish, saylov komissiyalari tizimini maqbullashtirish, Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini takomillashtirish belgilanmoqda, – dedi Mavjuda Hasanova. – Ushbu muhim hujjat bilan siyosiy jarayonlarimizga juda katta yangilik tatbiq etilmoqda. Ya’ni, Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati amaldagidek majoritar tizim asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari esa partiya ro‘yxati bo‘yicha yangi taklif etilayotgan proporsional tizim asosida yagona saylov okrugidan saylanishi belgilanmoqda. Qonun loyihasini takomillashtirish maqsadida shu yil 10 oktyabr kunidan 24 oktyabr kuniga qadar jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi. Jamoatchilik muhokamalari davomida qonun loyihasi yuzasidan 400 ga yaqin taklif-mulohazalar kelib tushdi. Har bir takliflar ishchi guruhimiz tomonidan o‘rganilib, maqbullari loyihaga kiritilmoqda, – dedi deputat.

Tadbirda ishtirokchilarning Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan bergan savollariga batafsil javob berildi. Qonun loyihasini targ‘ib qilish ishlari davom etmoqda.
Muhtarama Komilova, O‘zA