Qonun loyihalari muhokama qilindi
Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining o‘ttizinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumati a’zolari, sektorlar va tegishli soha rahbarlari, shahar va tuman hokimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni qizg‘in davom etmoqda. Shu sababli sessiyaning kun tartibidan o‘rin olgan dastlabki masala O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar bo‘yicha takliflarni kiritish to‘g‘risida bo‘ldi.
Bu masala bo‘yicha Jo‘qorg‘i Kenges qo‘mita raisi Z.Reymova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaviy nazorat qo‘mitasi raisi P.Aytniyazov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vaziri S.Mambetkadirov, Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari, partiya fraksiyasi rahbarlari fikr-mulohazalarini bildirdi.
Sessiyaning kun tartibidagi keyingi masala, ya’ni, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonuni loyihasi to‘g‘risida Jo‘qorg‘i Kenges qo‘mita raisi D.Qurbaniyazov ma’ruza qildi.
Ta’kidlanganidek, Qonun loyihasi 6 bob, 35 moddadan iborat bo‘lib, harakatdagi Qonunga nisbatan 12 modda bilan boyitilmoqda. Shuningdek, Qonun loyihasi fuqarolarning diniy ishonchini amalga oshirishda uchrayotgan muammolarni bartaraf etish, diniy ta’lim olishni va diniy tashkilotlarning erkin faoliyat yuritishini ta’minlash, dinlararo va millatlararo kelishmovchilik kelib chiqishining oldini olishda huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan bir qatorda, taklif etilayotgan qonun loyihasida diniy tashkilotlarni ro‘yxatga olish va tugatish bilan bog‘liq tartib soddalashtirilmoqda.
Joriy yil may oyida mamlakatimizda mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovi bo‘lib o‘tdi. Saylovlar harakatdagi qonun talablari asosida yuqori darajada tashkiliy, alternativ va teng saylov huquqi tamoyillari asosida amalga oshirildi. Sessiyada fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovining yakuni bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri S.Turmanovning axboroti tinglandi.
Shundan so‘ng deputatlar davlatimiz rahbarining 2021 yil 28 iyuldagi “Uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining Orolbo‘yi hududida ijrosi to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi. Ushbu masala yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Z.Ziyadullayev ma’lumot berdi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Sessiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA