Qonun loyihalari muhokama qilindi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Taklif etilayotgan qonun loyihasi Prezidentimizning 2020 yil 22 apreldagi tegishli farmonining 4-bandi ijrosini hamda 22 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonning 9-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Qonun loyihasida O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga mansub emaslik to‘g‘risidagi ma’lumotnomani rasmiylashtirganlik uchun davlat boji miqdorini belgilash, fuqaro identifikatsiyalovchi ID-kartani olish yoki almashtirish yuzasidan o‘z vaqtida murojaat qilmaganida, yaroqsiz holga keltirganda yoki yo‘qotib qo‘ygan taqdirda ma’muriy javobgarlikka tortish masalasida yuzaga kelgan huquqiy bo‘shliqni bartaraf etish nazarda tutilmoqda.

Fraksiya a’zolari qonun loyihasining qabul qilinishi huquqni qo‘llash amaliyotida “doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish”, “vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish” hamda identifikatsiyalovchi ID-karta tushunchalari bilan bog‘liq bo‘shliqlarni bartaraf etishga xizmat qilishini ta’kidladil va uni ikkinchi o‘qishda ma’qulladi.
Yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham birinchi o‘qishda muhokama qilindi. Mazkur hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi, “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlariga hamda Fuqarolik kodeksiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi nazarda tutilmoqda.
Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida O‘zbekistonning kapital bozorida emissiya qilingan qimmatli qog‘ozlar savdo natijalari bo‘yicha amalga oshiriladigan hisob-kitoblar (qimmatli qog‘ozlarda va pul mablag‘larida) bitta tashkilot doirasida amalga oshiriladi va shu bilan xorijiy investorlar uchun odatiy bo‘lgan sharoitlar yaratiladi.
Yig‘ilishda qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qo‘llab-quvvatlandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA