Qonun ijrosiga bag‘ishlandi
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi Sirdaryo viloyati boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi qonunida belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlar, soha xodimlari qatnashdi.

– Bilamizki, so‘ngi vaqtda koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq holat, hamon dolzarbligicha qolmoqda. Boshqa hududlarda bo‘lgani kabi Sirdaryoni infeksiyalardan xavfsiz hudud deb ayta olmaymiz, – dedi boshqarma boshlig‘i Jo‘rabek Hasanov.– Olib borilgan qator profilaktik chora-tadbirlar, xavfsiz immunizatsiya jarayoniga qaramasdan Sirdaryo viloyatida ham so‘ngi vaqtlarda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq holatlar aniqlanmoqda.
Viloyat aholisini koronavirus va boshqa infeksiyalardan himoya qilish, ushbu turdagi infeksiya pandemiya davridagidek keng tarqalishini oldini olish maqsadida Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi, boshqarma tizimidagi birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari xodimlari bilan hamkorlikda joylarda, umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, oliy ta’lim muassasalari, davlat va nodavlat tashkilotlarda, shu bilan birga aholi ko‘p to‘planadigan bozor hududlarida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib tarqatma materiallar tarqatilmoqda.

Ushbu holatlarni oldini olish, aholini salomatligini asrash, koronavirus infeksiyasi va boshqa infeksiyalardan asrash maqsadida joriy yilda Respublika sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi markazidan markazlashgan holda 108 ming doza OPV, 28 ming doza BSJ, 21 ming doza VGV, 18 ming doza AKDS, 36 ming doza ADS-M, 48 ming doza pentavalent, 36 ming doza KPK, 35980 doza rotavirus, 25200 doza IPV, 59 ming doza PKV, 27840 doza VPCH vaksinalari keltirilib, belgilangan tartibda emlash punktlariga yetkazib berildi. Natijada, koronavirus infeksiyasi, qizamiq va qizilcha, bakterial dizenteriya, o‘tkir respirator, gripp, o‘tkir o‘pka yallig‘lanishi, zaxm, qo‘tir, askaridoz bilan kasallanish ko‘rsatkichini kamaytirishga erishildi.

Bundan tashqari, matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya epidemiologik osoyishtalik to‘g‘risida”gi hamda “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonuni va boshqa me’yoriy hujjatlar ijrosi doirasida soha xodimlari tomonidan 443 ta, shundan 398 ta davlat, 45 ta nodavlat muassasalarda tekshiruvlar o‘tkazilib, tekshiruvlar natijasiga qarab aybdor shaxslarga nisbatan 252 million 315 ming so‘m jarima qo‘llanilgani, qo‘llanilgan jarimalar esa o‘z vaqtida undirilgani aytib o‘tildi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA