Qonliko‘llik yoshlar Sirdaryoda
Sirdaryoda "Sayxun va Jayxun" yoshlar do‘stlik festivali o‘tkazilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qonliko‘l tumanidan bir guruh yoshlar Guliston shahriga yetib kelishdi. Ularni «Yoshlar markazi» da sirdaryolik tengdoshlari tantanali kutib oldi. Dastlab «Yoshlar markazi» faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Viloyat yoshlarining turli yo‘nalishdagi yangi loyihalari va hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmasi namoyish etildi.

Viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev yoshlar bilan uchrashib, o‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining do‘stligi azaliy va abadiyligi haqida so‘zlar ekan, so‘nggi yillarda sabr-toqatli, matonatli qoraqalpoq eli farovonligini yanada oshirish, hudud rivoji, yoshlarning intilish va g‘oyalari takomili yo‘lida katta qadamlar tashlanganligini ta’kidladi.

– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan hamma viloyatlar Qoraqalpog‘istonni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishga bel bog‘lagan. Qonliko‘l tumaniga Sirdaryo viloyati biriktirilgan. O‘ylaymanki, buning natijalari barcha jabhalarda sezilayapti va bu ishlar to‘xtamaydi, – dedi Akmaljon Mahmudaliyev.
Xalq dostonlaridan parchalar, kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Yoshlar o‘zlari yozgan she’rlardan namunalar o‘qidi.

Viloyat rahbari yoshlar ijodini yuqori baholadi. Sirdaryo va Qonliko‘l yoshlari do‘stligini tarannum etuvchi qo‘shiq va musiqa asarlari yaratish taklifini berdi. Uchrashuv yakunida ishtirokchilarga "Sayxun va Jayxun" yoshlar do‘stlik festivali statuetkasi va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Viloyatning diqqatga sazovor joylari, xususan, Halima Xudoyberdiyeva nomidagi Ijod maktabi, “Mili teks” qo‘shma korxonasi, "Ko‘hna Xovos" tepaligi, "Yog‘ochli sardoba" tarixiy obidasiga sayohat ham tashkillashtirildi. Festival qatnashchilari va "Jasorat maktabi" o‘quv yig‘inining navbatdagi mavsumiga jalb qilingan yoshlar bilan gulxan atrofida davra suhbati tashkil etildi. Yosh iqtidorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiq va badiiy chiqishlar yig‘ilganlarga xush kayfiyat bag‘ishladi.

Festival dasturiga muvofiq, "Zomin" oromgohida uch kun davomida turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari o‘tkazilishi nazarda tutilgan.

Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri