Qo‘lbola gaz uskunalaridan foydalanmang!
FOTOREPORTAJ
Sovuq kunlar boshlanishi bilan aholining tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoji ikki hissaga ortadi. Bu davrda fuqarolar tomonidan yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish, qo‘lbola gaz jihozlaridan foydalanish holatlari ko‘payadi. Bu esa, o‘z navbatida, baxtsiz hodisalarni keltirib chiqarishi mumkin.
Talofatlarning oldini olishda uy ichi gaz jihozlarining sozligi va davlat standartlariga mosligiga e’tibor qaratish, qo‘lbola gaz uskunalaridan foydalanmaslik maqsadga muvofiqdir.
Surxondaryo viloyatining barcha tumanlarida “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filialining uy ichi xizmati xodimlari tomonidan reja-grafik asosida aholi xonadonlaridagi gaz uskunalariga texnik xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, gaz ta’minoti tashkiloti tomonidan tasdiqlagan jadvallar va tariflar bo‘yicha iste’molchilarning ichki gaz tarmoqlari va “zangori olov”dan foydalanish uskunalariga profilaktik xizmat ko‘rsatilmoqda. Bunda, ko‘p qavatli turar joylardagi gaz plitalar, boshqa gaz uskunalari mavjud bo‘lmaganda ikki yilda bir marta, turar joylardagi gaz plitalari, isitish, suv isitish uskunalari, yilda bir marta va har bir isitish mavsumi boshlanishidan avval mutaxassis ko‘rigidan o‘tkazish majburiy etib belgilangan. Bu gaz tarmoqlarida uchraydigan turli avariyalar va ko‘ngilsiz talofatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA