Qo‘zilatish mavsumi yakunlanmoqda
Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligini isloh qilish jarayonida chorvachilikni rivojlantirish, naslli qoramol zotlarini ko‘paytirish, ayniqsa, qorako‘lchilik mahsulotlari ishlab chiqarish va qayta ishlash samaradorligini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligini isloh qilish jarayonida chorvachilikni rivojlantirish, naslli qoramol zotlarini ko‘paytirish, ayniqsa, qorako‘lchilik mahsulotlari ishlab chiqarish va qayta ishlash samaradorligini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.Navoiy viloyati qorako‘lchilik shirkat xo‘jaliklari chorvadorlari joriy yilgi qo‘zilatish mavsumini muvaffaqiyatli yakunlamoqda. “Navoiy-qorako‘l” birlashmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘zilarning barchasi o‘stirishga qoldirilmoqda. Ayni paytda otarlarda qo‘zilatish ishlari deyarli yakunlanib, qirqim mavsumi boshlandi.
Joriy yilgi qo‘zilatish mavsumida shirkat xo‘jaliklariga maxsus zooveterinar biriktirilib, otarlarda doimiy nazorat o‘rnatildi. Cho‘ponlarga mavsumiy kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari zarur miqdorda yetkazib berildi.
Bu ishlar chorvada uchraydigan turli kasalliklarning oldini olish, cho‘ponlarga qulaylik yaratish, mavsumni muvaffaqiyatli o‘tkazishda muhim omil bo‘ldi. Konimex, Uchquduq tumanlaridagi “Saribel”, “Madaniyat”, “Altintau” shirkat xo‘jaliklarida qo‘zilatish muvaffaqiyatli yakunlandi.
Qizilqum kengliklarida asosan sur, qora va ko‘k rangli korako‘l nasllari, zarmalla tipidagi qorako‘l qo‘zilari parvarishlanayotir. Ushbu qorako‘l zotlari nafis va bejirimligi bilan ajralib turadi.
– Joriy yilgi mavsumda 217 bosh sovliqdan sog‘lom qo‘zilar olinib, o‘stirishga qoldirildi, – deydi Konimex tumanidagi “Madaniyat” qorako‘lchilik shirkat xo‘jaligi bosh cho‘poni Turmuxan Shirinbetov. – Ayniqsa, bahor seryog‘in kelib, o‘t-o‘lan mo‘l bo‘ldi. Cho‘ponlarning ko‘ngli to‘q.
Viloyatda qorako‘l shirkat xo‘jaliklari tomonidan jun yetishtirish ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Konimex tumani va Zarafshon shahridagi junni qayta ishlash fabrikalarida xomashyoning asosiy qismi qayta ishlanib, yarim tayyor va tayyor mahsulot holida xaridorlarga yetkazib berilayotir. Konimex tumanidagi Abay nomidagi shirkat xo‘jaligida joriy yilda junni yuvish va kalava yigirish sexi tashkil etildi. Zamonaviy texnologiya bilan jihozlangan sex yiliga 10 tonna junni qayta ishlash quvvatiga ega. Endilikda “Madaniyat” shirkat xo‘jaligida ham junni qayta ishlash va kalava yigirish sexi tashkil etish rejalashtirilmoqda.