Qo‘qon shahri bugun yanada chiroy ochmoqda
Qo‘qon shahri o‘zining muazzam va muhtasham obidalari bilan mashhur.
Qo‘qon shahri o‘zining muazzam va muhtasham obidalari bilan mashhur. Uning bag‘rida olimu fozillar, shoirlar, me’mor ustalar, qo‘li gul hunarmandlar ulg‘ayib, yetti iqlimga dong taratgani qadimiy manbalardan ma’lum.
Asrlar, yillar silsilasidan omon o‘tib bugungi kungacha betakror me’moriy yechimini saqlab kelgan 60 dan ziyod madaniy yodgorlik, muhtasham obidalarning shakli-shamoyili tom ma’noda ajdodlarimizning salohiyat va iste’dodi bilan birga dunyo tamaddunida tutgan o‘rnini ham isbotlaydi.
Prezidentimizning tashabbusi bilan joriy yilning 10-15 sentabr kunlari Qo‘qon shahrida ilk bor xalqaro hunarmandchilik festivali bo‘lib o‘tadi. Mazkur festival dunyo xalqlarini hayratga soladigan, asriy an’analarimizning betakror namunalarini jahon miqyosiga olib chiqish imkonini beradigan, O‘zbekiston atalmish jannatmakon yurtning o‘ziga xos jozibalarini bor bo‘y-basti bilan namoyon etadigan nufuzli tantanadir.
Shahar hududidagi inshootlar, xususan, festival ishtirokchilariga muntazir turgan mehmonxonalar eng zamonaviy ko‘rinishda ta’mirlandi va jihozlandi.
Qadim Turkistonda yagona majmua sifatida saqlanib qolgan O‘rda maydoni salkam 12 gektarni tashkil etadi. Festivalning asosiy tadbirlari mana shu go‘zal inshootda o‘tkaziladi. Bugun bu yerda katta sahna barpo etilmoqda. Shu kunlarda O‘rdaning old maydonidagi xiyobon yangicha chiroy ochdi. Har bir ziyoratgohda tashkil etilgan yashil maydonlar, gulzorlar obidalarga xos va mos ravishda ko‘rinish olgani kishini hayratga soladi.
Tarixning sirli olamidan voqif etuvchi O‘rda maydonida respublikamizning 14 ta hududidan tashrif buyuradigan hunarmandlarga mahsulotlari namoyishi uchun maxsus joy ajratildi. Har bir hunarmandchilik namunasi o‘zining teran tarixiy ildizlari bilan qadrlidir. Birgina Ho‘qandi latifda hunarmandchilikning 34 ta yo‘nalishi shakllangan. Misgarlik, kulolchilik, to‘qimachilik, xalq amaliy san’ati, naqqoshlik, xattotlik, yog‘och o‘ymakorligi, qo‘yingki, milliy qadriyatlarimizning olmos qirrasi yanglig‘ asrlardan-asrlarga bezavol uzatilib kelinayotgan hunarmandchilik namunalari namoyishi festivalga munosib tuhfa bo‘ladi.
Ko‘hna tarix va bugungi kun uyg‘unligini o‘zida aks ettirgan rassomlar va haykaltaroshlar simpoziumi, ko‘rgazmalar, Qo‘qon adabiy muhiti nazmiy ohanglari, mumtoz va folklor qo‘shiqlari tarannumi, qo‘l hunarmandchiligiga monand xalq san’atining turli manzaralari qadriabad insonlarning kamolotidan, fasohat va nafosatidan afsonalar so‘zlaydi.
Bugun Xudoyorxon O‘rdasi, Norbo‘tabek, Kamol qozi, Mo‘yon Sohibzoda hazrat, Dahmai Shohon, Honaqoh madrasa va majmualari ayni paytda dunyo mehmonlariga muntazir bo‘lib savlat va salobat kasb etib turibdi.
Dunyo inshootlari ichida osmono‘parligi va muhtashamligi bilan sayyohlarni hayratlantirayotgan bino majmualari bor, albatta. Zamonaviy texnologiyalarni, qulayliklarni o‘zida jamlagan minoralar ham bisyor. Biroq O‘zbekiston zaminida zamiriga bir necha ma’nolarni yashirgan latif so‘zi bilan barkamollik sifatiga ega Qo‘qonning ohanrabosi o‘zgachadir. Obidalarining har bir ustuni, gumbazlar peshtoqlari, mo‘jaz ayvonlarida islomiy naqshlar abadiyatga daxldor o‘gitlardan saboq beradi. Quyoshning nurida yal-yal tovlanayotgan, feruza osmonning aksiday osudalik kashf etgan gumbazlar Vatanning shonu sharafini ulug‘lab turadi!