Qiziltom qishlog‘iga borganmisiz? (+video)
Sayohat manzillari
Qiziltom – Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani markazidan 90 kilometr uzoqlikda Maydanak tog‘lari bag‘rida joylashgan so‘lim go‘sha hisoblanadi. Musaffo tabiati, zilol suvli buloqlari, xushbo‘y va shifobaxsh Zarafshon archalari kishiga o‘zgacha orom, zavq bag‘ishlaydi.
Kimdir eshitgan, kimdir eshitmagan ushbu qishloqqa borish, u yerdagi hayot tarzi bilan tanishishni ko‘pdan buyon orzu qilib yurar edim. Bilganimiz qishloq Maydanak tog‘lari bag‘rida joylashgani, istagan vaqtda bu yerlarga borib bo‘lmasligi haqidagi ma’lumotlar edi xolos. Fotomuxbir bilan birgalikda avval tuman markaziga, keyin 70 kilometr yo‘l yurib tog‘ tepasidagi Maydanak observatoriyasigacha bordik. U yog‘iga yengil mashinada harakatlanishning iloji yo‘q. Odatdagidek maxsus tog‘ yo‘liga moslashgan mashinaga o‘tirdik.
[gallery-18177]
Biz uchun butunlay noma’lum bo‘lgan qishloq haqidagi tasavvurlarimiz mashina yo‘lga tushgandayoq oydinlasha boshladi. Nega qishloq haqida deyarli ma’lumotlar yo‘qligi, u yerdagi tarixiy manzillar xususida bizga haydovchilik qilgan qishloq muallimi Avaz Boboyev yo‘l-yo‘lakay tushuntirib bordi.
– Qishlog‘imiz qish faslida qalin qor yoqqanligi bois 6 oy atrofdan uzilib qoladi, – deydi Avaz Boboyev. – Shu bois 80-yillarda qishloqda sharoit og‘irligi tufayli aholi cho‘l hududiga ko‘chirilgan. Ammo 6-7 xo‘jalik yashab qolgan. Ular ham ko‘payib bugungi kunda xo‘jaliklar soni yuztadan oshgan. Aholi esa 700 nafarga yaqinlashib qolgan.
Past-baland daralardan o‘tib qishloq tomon enib boramiz. Yilning seryog‘in kelishi va sel suvlari katta miqdorda oqishi natijasida yo‘lning ahvoli yanada yomonlashgan. Asosiy tirikchiligi dehqonchilik va chorvachilik bo‘lgan bu qishloq odamlari mehnatdan rohat tuyadi. E’tiborimizni tortgan jihati qishloq xonadonlarida tomorqaga alohida e’tibor berilgani bo‘ldi. Odatda tog‘li qishloqlarda ekin tekinlar adirli yerlarda yetishtirilib, xonadonlar tomorqasidan deyarli foydalanilmasdi. Qiziltomda esa buning mutlaqo aksi bo‘lib, tomorqalarda ham bo‘sh yerning o‘zi yo‘q.
Yerimiz unumdor, xalqimiz mehnatkash, deydi odamlar biz bilan suhbatda. Shu bois bizda yetishtirilgan hosil, ayniqsa, kartoshka xaridorgir, deydi qishloq ahli.
Darhaqiqat, Qiziltom kartoshkasining savdosi juda chaqqon. Shirin suvdan ichib, unumdor tuproqda yetishtirilgan bunday kartoshkalar xaridorlarni doim o‘ziga jalb qilib kelgan. Dehqonlarning aytishicha, xaridorlarni o‘zi qishloqqa kelib kartoshkalarni olib ketarkan. Boshqa mahsulotlar olib kelib barter qilishadi. Bundan tashqari, qiziltomliklar yetishtirgan no‘xat va olma ham o‘zining sifati bilan ajralib turadi. Ayniqsa, jaydari usulda chakkini ayron qilish orqali yuzasiga qalqib chiqqan yog‘dan tayyorlab, qo‘y qorniga solib qo‘yilgan yog‘ning ta’mi tillarda doston. Qishloqqa sayohat qilar ekanmiz biz ushbu ta’mni yana bir bor his qildik. Echki qatig‘idan tayyorlangan qurutniku aytmasa ham bo‘ladi...
Ushbu tog‘lik aholining kundalik tashvishi shunday o‘tadi. Olti oylik uzoq qishdan so‘ng ajoyib bahor va so‘lim yoz fasli kirib keladi. Odamlar dalada yoz bo‘yi mehnat qiladi. Uzoq muddatli qishda esa yozda qilingan mehnatning mevasini yeb umr o‘tkazishadi.
Bizga hamroh bo‘lgan qishloq oqsoqoli va muallim Avaz Boboyev biroz hordiq chiqarishimiz asnosida qishloqdagi tarixiy manzillar, sharshara va buloqlardan so‘z ochdi. Ilk sayohatimizni ham aynan qishloq tepasidagi sharsharadan boshladik.
Yuqoridan shovqin solib pastga enayotgan zilol suvli sharshara bir qarashda sochlarini yoygan kelinchakni eslatadi. Undan sachragan tomchilar va muzdek suvning zarralari kishiga tetiklik bag‘ishlaydi. Oftob chiqib turarkan, kutilmaganda sharros yomg‘ir ham quyib, biroz shoshirib ham qo‘ydi. Aytgancha qishloqda chashma va buloqlar shu qadar ko‘pki, har qadamda chanqoq bosish mumkin. Qishloqni aylanar ekanmiz qurilganiga qariyb yuz yildan oshgan uyni ham ko‘rdik. Uning tomi qizil edi. Sababi bu yerning tuprog‘i qizil. Shu tariqa qishloq nomi nega Qiziltom deyilishini anglash mumkin. Hamrohlarimizning ta’kidlashicha qishloqning paydo bo‘lganiga esa uch asrdan oshgan.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/8bEZEadYTvk?si=7BGRvgJRoOTwLDkc" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Keyingi manzilimiz Amir Temur sarbozlariga go‘sht yetkazib bergan cho‘ponlar qo‘nalg‘asi, deya izohlangan g‘or bo‘ldi. “Turnadaryo” oralab tog‘lar hosil qilgan tabiiy soyabonli g‘orga yetdik. G‘or manzarasi ham zavqli, ham xavotirli tuyg‘ularni uyg‘otadi odamda. Tepada omonatgina turgan toshlar go‘yo qulab tushadigandek taassurot qoldiradi kishida. Uning yonboshidagi bir odam bo‘yi keladigan maydon rostdan ham cho‘ponlar qo‘ylarini saqlagan qo‘yxona vazifasini bajarganiga ishora qiladi. Shu yerliklarning aytishicha, hozirgi kunda ham bu ungurlar cho‘ponlar uchun qo‘nalg‘a vazifasini bajarib keladi.
Albatta tog‘ tabiati ajoyib. Bir borgan kishi jannatmakon bu joylarni tark etgisi kelmay qoladi. Ammo tog‘da yashashning huzuri bilan birga, o‘ziga yarasha mashaqqatlari ham bor. Aytarli sivilizatsiyadan uzilib qolgan qishloq aholisini qiynab kelayotgan muammolar ham yig‘ilib qolgan. Yuqoridagi kayfiyatni buzmagan holda bu haqida keyingi maqolamizda to‘xtalishga qaror qildik.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari