“Qizilqum” o‘z maydonida ochko yo‘qotdi
Navoiy shahridagi “Yoshlik” o‘yingohida Superliganing 10-turidan o‘rin olgan “Qizilqum” – “Surxon” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Har ikkala jamoa vakillari g‘alaba ishtiyoqida maydonga tushganligi dastlabki daqiqalardanoq sezildi.
O‘yinning 2-daqiqasida mezbonlar o‘yinchisi Kuxianidzening darvoza tomon yo‘llagan zarbasidan keyin mehmon jamoa o‘yinchisi Bubanya jamoasini qutqarib, to‘pni maydon tashqarisiga chiqarib yubordi.
Uchrashuvning 11-daqiqasida Sharafiddin Shobirov Salim Mustfoyevni himoya chizig‘i ichida yiqitdi va hakam Shavkat Nasibullayev penalti belgiladi. Ammo “Qizilqum” o‘yinchisi Oybek Qilichev darvoza to‘sini nishonga oldi. Natijada hisob o‘zgarmay qoldi. Bu esa mezbon jamoa o‘yinchilariga ruhiy ustunlik taqdim etdi.
Ularning tinimsiz hujumlari nihoyat gol bilan yakunlandi. Hisob 34-daqiqada termizliklar hujumchisi Jasur Xolto‘rayev tomonidan ochildi va bu hisob birinchi bo‘lim yakuniga qadar saqlanib qoldi.
Ikkinchi bo‘limda amalga oshirilgan o‘zgarishlar mezbonlar foydasiga xizmat qildi. 56-daqiqada Erkin Boydullayev chiroyli zarbasi bilan farqni yo‘qqa chiqardi – 1:1.
O‘yin yakuniga qadar ikki tomonda ham g‘alabani ilib ketish imkoniyati bor edi, ammo bahs durang natija bilan tugadi.
Natijada “Qizilqum” 11 ochko bilan 9-o‘rinda borayotgan bo‘lsa, “Surxon” 8 ochko bilan 12-o‘rinda qoldi.
Abduvali BO‘RIEV, O‘zA