“Qit’alar jangi”: Osiyo – Afrika – 5:0
Rossiyaning Moskva shahrida Xalqaro boks assotsiatsiyasi hamda professional boksga aloqador bir qator sport jamoalari hamkorligida boks bo‘yicha “Qit’alar jangi” musobaqasi start oldi.
Musobaqada ringga Amerika, Afrika, Osiyo qit’asi hamda Rossiya terma jamoalari negizida shakllantirilgan bokschilar o‘z vazn toifalari bo‘yicha ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur turnirda qatnashayotgan har bir jamoa tarkibiga 5 nafardan bokschi jalb etilgan bo‘lib, har bir boks bahsi 3 daqiqadan 4 raund etib belgilangan. “Qit’alar jangi” yarim professional tarzidagi bahslar joriy yil iyun oyining har shanbasida o‘tkaziladi.
Osiyo qit’asi terma jamoasiga o‘zbekistonlik tajribali boks mutaxassisi Ravshan Xojayev bosh murabbiy etib saylangan, unga tojikistonlik Mirzo Shamsiyev hamda yana bir O‘zbekiston vakili Ruslan Telembayev yordam beradi.
Ana shu tajribali murabbiylar qo‘l ostida qit’amiz sharafini 3 nafar o‘zbekistonlik – Jizzax viloyatidan Bobo Usmon Baturov, Buxorodan Odiljon Aslonov va Toshkent viloyati vakili Madiyor Saidrahimov hamda Qozog‘istondan Saparbay Aidarov, Tojikiston Respublikasidan Bahodir Usmonov Osiyo jamoasi nomidan ringga ko‘tariladi.
Qit’a termasi safida O‘zbekiston vakili Bobo Usmon Baturov Afrika qit’asi vakili Namibiya davlati bokschisi Benxard Bernardga qarshi ringga ko‘tarilib, 4 raund davom etgan jang natijalariga ko‘ra, Bobo Usmon Baturovning qo‘li ustun keldi.
Shuningdek, Odiljon Aslonov, Madiyor Saidrahimov va tojikistonlik Bahodir Usmonov, qozog‘istonlik Saparbay Aidarov ham Rossiya ringlarida Osiyo qit’asi jamoasi sharafini munosib himoya qilib, Afrika vakillarini katta ustunlik bilan mag‘lubiyatga uchratdi, Osiyo – Afrika – 5:0.
Rossiya terma jamoasi bokschilari esa xuddi shu hisobda (5:0) Amerika qit’asi bokschilarini dog‘da qoldirdi.
Keyingi janglar joriy yilning kelgusi shanbasi – 11 iyun kuniga belgilangan. Moskva ringlarida o‘tayotgan “Qit’alar jangi” bahslari davom etmoqda.
A.Qayumov, O‘zA