Qishloqlarda yangi ish o‘rinlari ko‘paymoqda
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida fermer xo‘jaliklarining yer, suvdan unumli va samarali foydalanishi yildan-yilga yaxshilanib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 9 oktyabrdagi farmoniga ko‘ra, har yili fermer xo‘jaliklarini bosqichma-bosqich ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga aylantirish bo‘yicha hududiy dasturlar ishlab chiqilmoqda.
2020 yilda ham O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tasdiqlagan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish dasturi asosida tizimli tadbirlar amalga oshirildi. Natijada 11 ming 959 ta fermer xo‘jaligida 22 ta yo‘nalish bo‘yicha ko‘p tarmoqli faoliyat tashkil etilib, yillik dastur ijrosi ta’minlandi.
– Ushbu dastur doirasida fermer xo‘jaliklariga 2 trillion so‘m, shundan 558,9 milliard so‘m bank kreditlari sarflandi, – deydi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bo‘lim boshlig‘i Zokirjon Allamuradov. – Fermer xo‘jaliklarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bilan bog‘liq bo‘lmagan go‘sht-sut va meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, sovutgichli omborxonalar va servis xizmatlari ko‘rsatish kabi yo‘nalishlar yo‘lga qo‘yildi. Eng muhimi, qishloq joylarda 41 mingdan ortiq kishining bandligi ta’minlandi.
Qayd etish kerakki, hozir ko‘p tarmoqli faoliyatni yo‘lga qo‘yib, yuqori daromad olayotgan 3 mingdan ortiq fermer xo‘jaligi mavjud. Misol uchun, Urganch tumanidagi “To‘maris nur” fermer xo‘jaligi paxta-g‘allachilikdan tashqari sutni qayta ishlash loyihasini ishga tushirib, 35 nafar kishining bandligini ta’minladi. Bo‘stonliq tumanidagi “Dumalak Azamat” fermer xo‘jaligi chorvachilikdan tashqari 2020 yilda 50 o‘rinli agroturizm loyihasini ijro etmoqda va 50 sotixda 400-500 tup limon ko‘chati yetishtirmoqda.
Bu kabi faoliyati samarali tashkil etilgan fermer xo‘jaliklari yurtimizning har bir hududida ko‘plab topiladi. Ishtixon tumanidagi “Yulduz to‘lasoy” paxta-g‘allachilik fermer xo‘jaligi ulardan biri. Xo‘jalik 100 o‘rinli bolalar bog‘chasini ishga tushirish orqali 15 ta yangi ish o‘rni yaratdi. Shuningdek, Baliqchi tumanidagi “Koinot” paxta-g‘allachilik fermer xo‘jaligida 75 o‘rinli bolalar bog‘chasini ishga tushirish orqali 10 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, agarda ayni vaqtda yurtimizda 83,9 mingdan ziyod fermer xo‘jaligi bo‘lsa, shundan 65 mingtadan ziyod fermer xo‘jaliklari ko‘p tarmoqli (qo‘shimcha) faoliyatni yo‘lga qo‘ygan.
– Ayni vaqtda 2021 yilda ham ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini tashkil etish bo‘yicha hududiy dasturlar ham tayyorlanib, deputatlar tomonidan tasdiqlandi, – deydi kengash yetakchi mutaxassisi Sobitjon Ro‘ziboyev. – Bunda bir necha yo‘nalishlar hisobga olindi. Masalan, fermer xo‘jaliklarining moliyaviy holati inobatga olinib, tijorat banklaridan xulosalar olindi. Hududlarning mavjud shart-sharoitlari va talabidan kelib chiqqan holda loyihalar tanlandi, bunda xotin-qizlar bandligini ta’minlashga e’tibor qaratildi.
Qabul qilingan dasturlarga ko‘ra, joriy yilda 16 ming 719 ta fermer xo‘jaligi 23 ta yo‘nalish bo‘yicha ko‘p tarmoqli faoliyatni boshlaydi. Buning uchun 17 ming 145 ta loyiha amalga oshiriladi. Jumladan, 15,5 ming gektar maydonda intensiv bog‘, 6,6 ming gektarda yangi tokzor, 327 gektarda qulupnay, 189 gektarda anorzor va 735 gektarda issiqxonalar barpo etiladi.
Shuningdek, 425 ta meva-sabzavot, sut va go‘sht mahsulotlarini, 324 ta non va non mahsulotlari va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, 116 ta qurilish materiallari ishlab chiqarish, 312 ta sovutgichli omborxonalar bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Eng asosiysi, bu yilgi dasturda 78 ta fermer xo‘jaligida 4300 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassalari qurish hamda 16 ta fermer xo‘jaligida agroturizm tashkil etish belgilangan. Buning uchun esa 3,1 trillion so‘m sarflanishi ko‘zda tutilgan. Dastur ijrosi ta’minlansa, qishloqlarda 49,2 ming ish o‘rni yaratiladi.
Sayyora Shoyeva, O‘zA