Qishloq xo‘jaligida islohotlar jadal bormoqda
Qashqadaryo xalqi o‘zining mehnatkashligi, bag‘rikengligi, barcha sohada ilg‘orligi bilan ajralib turadi.
Joriy yilda viloyatda qishloq xo‘jaligi sohasini yanada rivojlantirish, ayniqsa, sabzavot va poliz mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish hisobiga ichki iste’mol bozorini arzon va sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi ko‘magida qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, 857 gektar maydonda kartoshka, 4,1 ming gektarda sabzavot,1,8 ming gektarda poliz, 8,2 ming gektarda boshqa ekinlar ekildi. 5,2 ming gektarda avgust-sentyabr piyozi va sarimsoqpiyoz yetishtirildi. Aholi tomorqasidan jami 1,2 million tonna mahsulot olindi, ularning 169,5 ming tonnasini sabzavot, 12,2 ming tonnasini dukkakli ekinlar, 206,1 ming tonnasini poliz mahsulotlari, 102,3 ming tonnasini kartoshka, 42,9 ming tonnasini ko‘kat va ziravorlar tashkil etadi.
Shuningdek, joriy yil oktyabr-dekabr oylarida jami 8,8 ming gektarga to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlari joylashtirish prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlangan. 2020 yil 10 noyabr holatiga ko‘ra, jami 3,5 ming gektarga to‘qsonbosti ekinlari ekilgan.
Bundan tashqari, “Bir mahalla – bir mahsulot tamoyili” asosida joriy yil oxirigacha 284 ta mahalla xonadonlari muayyan turdagi mahsulotlar yetishtirishga ixtisoslashtirildi va ikki va uch marta hosil olish yo‘lga qo‘yildi.
Shahrisabz tumanidagi “Oqdaryo”, “Qutchi”, “Duxchi”, “Bog‘ishamol”, Qamashi tumanidagi “Sarbozor”, “Quyi Yangi”, “G‘ishtli”, “Qamay”, Kasbi tumanidagi “Xo‘jaqarliq”, “Shakarjo‘y”, “Mug‘lon”, “Tinchlik” mahalla fuqarolar yig‘inlarida ekin maydonlaridan ikki va uch marta hosil olish yo‘lga qo‘yilgan.
Masalan, Qamashi tumanidagi “Sohibkor” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi To‘xta Ochilov 20 sotix tomorqasidan uch marta hosil olishni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, 5 sotix issiqxonasida limon yetishtirish orqali yiliga 20 million so‘m daromad oladi. Shuningdek, limon orasiga ko‘kat yetishtirish orqali 8-10 million so‘m hamda erta bahorgi sabzavot ekinlaridan 20 million so‘m, jami 48-50 million so‘m foyda ko‘rmoqda. Shu mahallada yashovchi yana bir fuqaro Abdumannon Xudoyberdiyevning 12 sotix tomorqasi mavjud bo‘lib, bir yilda jami 42 million so‘m daromad olmoqda.
Chiroqchi tumani “Ko‘kdala” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro Zafar Rasulov 25 sotix tomorqasida tarvuz yetishtirib, 35-40 million, fuqaro Olim Ulashov 28 sotix tomorqasidan 40-45 million, fuqaro Faxriddin Haydarov 32 sotix tomorqasidan 55 million so‘m daromad olmoqda.
Qamashi tumani Chim mahallasida yashovchi fuqaro Qurbon Choriyev 12 sotix tomorqasida uch marta hosil olishni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, 5 sotix issiqxonasida pomidor yetishtirib, yiliga 15 million so‘m, erta bahorgi sabzavot ekinlaridan 25 million so‘m, jami bir yilda 40 million so‘m daromad ko‘rmoqda. Jo‘ra Erdonov ham 16 sotix tomorqasida uch marta hosil olishni yo‘lga qo‘ygan, yil davomida 50 million so‘m daromad topmoqda.
Bunday halol mehnat orqasidan oila tebratayotgan yurtdoshlarimizning safi kengaymoqda.
Aytish joizki, viloyatda kambag‘allikni qisqartirish maqsadida ham bir qator choralar ko‘rildi. Jumladan, qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan 116,7 gektar yerda 24 ta qishloq xo‘jaligi kooperativi tashkil etilib, 1,2 ming nafar ishsiz band qilindi. Dastlabki hisobga ko‘ra, 20 ming tonnadan ortiq sabzavot va poliz mahsuloti yetishtirildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida g‘alladan bo‘shagan maydonlarning 3,1 ming gektari 8,5 ming kambag‘al oila, ishsiz yoshlarga ajratildi, ularga fermerlar va tomorqa xizmati korxonalari biriktirildi.
Aholi tomorqalariga xizmat ko‘rsatish ko‘lami kengaytirilib, 256 gektar tomorqa ekishga tayyorlandi. Xonadonlarga 583,2 ming tup mevali daraxt ko‘chati, bundan tashqari chorva, parranda, quyon, asalari uyalari yetkazib berildi. Suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan qishloq va ovullarda 369 ta artezian qudug‘i qazilib, jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 3,1 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Ko‘rilgan choralar natijasida 6,1 mingdan ziyod aholi xonadonlarining 371 gektar tomorqa maydonlarida ikki marta hosil olish imkoniyati yaratildi.
Joriy yilda viloyatdagi to‘rtta tomorqa xizmati korxonalari tomonidan 3,6 million dollarlik mahsulotlar eksport qilingan. Jumladan, Shahrisabz tumanidagi “Ko‘hna voha tomorqa xizmati” MCHJ korxonasi 172 ming AQSH dollarlik olma va piyoz mahsulotlarini, Qamashi tumanidagi "Qamashi tomorqa xizmati" MCHJ korxonasi 640 ming AQSH dollarlik qovun va tarvuz mahsulotlarini, Shahrisabz tumanidagi “Shahrisabz tomorqa xizmati” korxonasi tomonidan 1360 ming AQSH dollarlik mosh, mayiz, xurmo, kunjut, no‘xat, fasol, uzum mahsulotlari, “Shahrisabz shahar tomorqa xizmati” MCHJ korxonasi tomonidan 450 ming AQSH dollarlik mosh, mayiz, xurmo, kunjut, no‘xat, fasol, uzum mahsulotlari Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston davlatlariga eksport qilingan.
Tomorqalarda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini aholiga arzon narxlarda, ya’ni “Daladan do‘kongacha” tamoyili asosida yetkazib berish maqsadida 100 taga yaqin yengil konstruksiyali dala do‘koni va kichik sig‘imli muzlatkichli omborlar qurib bitkazildi. Hozir ushbu maqsadlar uchun kengash huzuridagi jamg‘arma tomonidan loyiha tashabbuskorlariga 2,7 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratilib, yil yakuniga qadar yana 660 million so‘m kredit mablag‘i berilishi ko‘zda tutilgan.
Aholi tomorqalarida ekinlar ekish va mahsulot yetishtirishni ikki barobarga ko‘paytirish, ushbu maqsadda noyabr-dekabr oylarida 8,8 ming gektar maydonga to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlari ekilishini tashkil etish hamda suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan 2 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hududida artezian quduqlari qazilishi uchun Fermerlar kengashi huzuridagi jamg‘armadan zarur mablag‘ ajratilishi belgilangan.
Joriy yilning 25 dekabriga qadar Kasbi tumanidagi «Kasbi tomorqa xizmati» MCHJ va Qarshi tumanidagi “Bishkent tomorqa xizmati” MCHJ negizida tomorqachilik klasterlari tashkil etish choralari ko‘rilmoqda. Aholiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini arzon narxlarda “Daladan do‘kongacha” tamoyili asosida yetkazib berish maqsadida aholi gavjum mahallalarda yengil konstruksiyali “Dala do‘konlari” va kichik hajmdagi muzlatkich omborlar qurilmoqda.
Mo‘l hosil yetishtirishning o‘zi bo‘lmaydi. Viloyatda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi ko‘magida qishloq xo‘jaligiga zamonaviy agrotexnika vositalarini joriy etish yuzasidan ham ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu esa mehnat unumdorligini oshishiga, eng muhimi, fuqarolarimizning o‘z faoliyatidan rozi bo‘lishiga zamin yaratadi. Amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini viloyatda yashayotgan har bir inson o‘z hayotida his etib borishini ta’minlaydi.
Z.Allamurodov,
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bo‘lim boshlig‘i.