Qishloq xo‘jaligi sohasida ilm-fan
Iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi, tuproq sho‘rlanishi va o‘simlik kasalliklari qishloq xo‘jaligi uchun tobora jiddiy muammoga aylanmoqda.
Bunday sharoitda ekinlar hosildorligini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va suv resurslaridan oqilona foydalanishda zamonaviy ilm-fan yutuqlariga tayanish muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, genomika, bioinformatika va biotexnologiya sohalaridagi izlanishlar qishloq xo‘jaligida yangi imkoniyatlarni ochmoqda.
Ayni shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar, ilmiy izlanishlar va erishilgan natijalar haqida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi tomonidan «O‘zbekistonda genomika va biotexnologiya, oziq-ovqat xavfsizligi, iqlimga mos qishloq xo‘jaligi, agrar raqobatbardoshlik» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda markaz olimlarining qishloq xo‘jaligi ekinlarining genetik imkoniyatlarini o‘rganish, serhosil, kasalliklarga va noqulay iqlim sharoitlariga chidamli navlarni yaratish borasidagi ishlari haqida ma’lumot berildi. Jumladan, g‘o‘za, bug‘doy, kartoshka, soya, makkajo‘xori va uzumchilik sohalarida olib borilayotgan tadqiqotlar, ularning amaliy ahamiyati hamda istiqboldagi imkoniyatlari xususida so‘z yuritildi.
Markaz olimlari zamonaviy biotexnologik usullar asosida yuqori hosildor kartoshka va bug‘doy navlarini yaratishga erishgan. Shulardan biri — biotexnologik usulda yaratilgan «Bisyor» kartoshka navi bo‘lib, u xalqaro miqyosda e’tirof etilgan ishlanmalardan hisoblanadi.
Bug‘doy seleksiyasida ham muhim natijalar qo‘lga kiritilmoqda. Sariq zang kasalligiga chidamli, sifat ko‘rsatkichlari bilan ajralib turadigan «Sarnav» bug‘doy navi yaratildi va davlat nav sinoviga topshirildi. Shuningdek, kasalliklarga chidamli istiqbolli bug‘doy namunalari Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarining turli agroiqlim sharoitlarida o‘rganilmoqda.
Iqlim o‘zgarishi sharoitida qishloq xo‘jaligi ekinlarining chidamliligini oshirish ham dolzarb vazifalardan biri. Shu maqsadda markazda qurg‘oqchilikka chidamli soya va makkajo‘xori navlarini yaratish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Bu izlanishlar suv tanqisligi sharoitida ham barqaror hosil olish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Markazning muhim ilmiy yo‘nalishlaridan yana biri g‘o‘za genomikasi va biotexnologiyasidir. Gennokaut texnologiyasi asosida yaratilgan «Porloq», «Matonat» va «Bardosh» g‘o‘za navlari yuqori hosildorligi, tola sifatining yaxshiligi, qurg‘oqchilik, sho‘rlanish va vilt kasalligiga chidamliligi bilan ajralib turadi. Bunday ishlanmalar paxtachilikda yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, sifatli xomashyo yetishtirish hamda to‘qimachilik sanoatining raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
[photobank-https://uza.uz/uz/collection/31996]
Uzumchilik sohasida ham genomika yo‘nalishida muhim natijalarga erishilmoqda. 2026-yilda markaz olimlari tomonidan mahalliy «Sohibi» uzum navining to‘liq genomi ilk bor yuqori aniqlikda sekvens qilinib, uning genom yig‘masi yaratildi. Shuningdek, O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirg‘iziston seleksiyasiga mansub 100 ta uzum navining genetik xususiyatlari genom darajasida o‘rganildi.
Bu tadqiqotlar mahalliy uzum navlarining genetik xilma-xilligini saqlash, ulardagi qimmatli belgilarni aniqlash va istiqbolli yangi navlarni yaratish uchun muhim ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
N.Rahmonova,
O.Pardayev (surat),
O‘zA