Qishloq va suv xo‘jaligi muhandislarini tayyorlash tizimi takomillashtiriladi
Joriy yil 2-aprelda “Qishloq va suv xo‘jaligi muhandislarini tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-maydan “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetida o‘qish quyidagi shakllarda tashkil etiladi:
— dual ta’lim asosida 6 oy muddatga nazariy ta’limdan ajralgan va joyiga chiqqan holda tashkil etiladigan malakaviy amaliyot;
— qolgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida yil davomida nazariy ta’lim bilan birga to‘liq uyg‘unlashtirgan “4+2” shakldagi amaliyot.
2026-yil 1-maydan universitetning yetakchi professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlari hududlarga biriktiriladi. Bunda yetakchi professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha ilmiy maslahatchisi hisoblanadi.
Talabalarning sayyor darslari qishloq va suv xo‘jaligi sohasidagi tashkilotlar va hududlardagi “Suvchilar maktabi” bazasida tashkil etiladi.
Universitetda Istiqbolli loyihalar ofisi tashkil etiladi.
N.Nasriyev, O‘zA