Qishloq ayollari kuni keng nishonlanmoqda
Buxoro viloyatida 15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni keng nishonlanmoqda. Tadbirlarni ko‘tarinki ruhda o‘tkazish maqsadida davlat va nodavlat tashkilotlari jalb etilgan.
Romitan tumani hokimligi hamda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi faollari va deputatlar ishtirokida ushbu sanaga bag‘ishlangan bir qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Faollar tuman dalalarida paxta yig‘im-terimida qatnashayotgan qishloq ayollarining holidan xabar olishdi. Tumandagi “Yangiobod” hududiga qarashli “Said Nurmuhammad” fermer xo‘jaligi dalalarida yig‘im-terimga ishtirok etayotgan ilg‘or terimchi ayollar huzurida bo‘lib ularni xo‘jalikda shartnomaviy reja bajarilishi bilan qutlashdi. Bu g‘alabaga erishishda terimchi xotin-qizlarning hissasi katta ekanligi ta’kidlandi. Peshqadam terimchilar uchun dasturxon yozilib bayram tadbiri tashkil etildi.
– Inson qadri yuqori bo‘lgan yurtda yashayotganimdan xursandman, – deydi ilg‘or terimchi Lola Avezova. –Yurtimizda har kuni bayram. Mana bugun ham bizning xo‘jaligimizda katta shodiyona bo‘lmoqda. Bundan juda ham xursandmiz. Shodiyona sabab ilg‘or terimchilarimiz rag‘batlantirildi. Mutasaddilar tomonidan muammolarimiz o‘rganilmoqda. Ta’lim olish, mehnat qilish, farovon turmush kechirishimiz uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.

Tuman madaniyat bo‘limi san’atkorlari tomonidan taqdim etilgan konsert dasturi barchaga manzur bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, BMT Bosh Assambleyasining 2007 yil 18 dekabrdagi “Qishloq hududlarida ayollarning ahvolini yaxshilash” to‘g‘risidagi rezolyutsiyasiga asosan 15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni deb e’lon qilingan.
BMT mazkur kunda qishloq hududlarida istiqomat qiluvchi ayollarning muammolariga e’tibor qaratishga, xususan, ularning ta’lim olishi, mehnat qilishi, farovon turmush kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, zo‘ravonlik va tazyiqdan himoyalash, gender tenglikni ta’minlashga chaqiradi.
Mamlakatimizda ham oktyabr oyining 15 sanasi “Qishloq ayollari kuni” deb belgilangan.
Zarif Komilov, O‘zA