Qishloq ayollari holidan xabar olindi
Ayollar muammolariga e’tibor qaratish, gender tenglikni ta’minlash maqsadida BMT Bosh Assambleyasining 2007 yil 18 dekabrdagi “Qishloq hududlarida ayollarning ahvolini yaxshilash” to‘g‘risidagi rezolyutsiyasiga asosan 15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni deb e’lon qilingan.
Mazkur kunda qishloq hududlarida istiqomat qiluvchi ayollarning muammolariga, xususan, ularning ta’lim olishi, mehnat qilishi, farovon turmush kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, zo‘ravonlik va tazyiqdan himoyalash, gender tenglikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Navoiy viloyat hududiy partiya tashkiloti xodimlari tomonidan mazkur sana munosabati bilan paxta dalalarida mehnat qilayotgan xotin-qizlar holidan xabar olindi. Ular tumandagi “Aslonov Bobomurod” fermer xo‘jaligida bo‘lishib, ilg‘or terimchilarga qimmatbaho sovg‘alar topshirishdi.

– Fermer xo‘jaligimiz 2015 yil tashkil etilgan bo‘lib, umumiy yer maydonimiz 50 gektardan iborat, – deydi fermer Bobomurod Aslonov. – 6 nafar doimiy va 25 nafar mavsumiy ishchimiz bor. Joriy yil erta bahorda 22 gektar yerga chigit qadagan edik. Dalalardan 90 tonna paxta yetishtirishni rejalashtirganmiz. Hozirgi kunga qadar 5 gektardan 25 tonna hosil yig‘ishtirib oldik.
Uchrashuv jarayonida paxta terimida faollik ko‘rsatayotgan ilg‘or terimchilar bilan dildan suhbat qilindi.

– Har yili paxta terimida ishtirok etaman, – deydi terimchilardan biri Surayyo Ravshanova. – Birinchi terimda 150-200 kilogramgacha paxta teraman. Terim pullarini o‘z vaqtida berishmoqda. Dalada fermer tomonidan issiq ovqat, choy tashkil etilgan. Biz ayollar o‘zaro suhbatlashib, qo‘shiqlar xirgoyi qilib, birgalikda paxta terayapmiz. Vaqtimizni chog‘ o‘tkazayapmiz. Bugun partiya tashkiloti xodimlari kelishib, ilg‘or terimchilarga sovg‘alar topshirishdi. Albatta, bu kabi e’tibordan barchamiz xursand bo‘ldik.

– Ta’kidlash joizki, ushbu tadbirlar respublikamizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy va ishlab chiqarishdagi ulushini oshirish, ular uchun munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar samarasidir, – deydi partiyaning Karmana tumani Kengashi raisi Yusuf Murodov. – Bugun hayotdan, e’tibor va e’zozdan ko‘ksi tog‘dek ko‘tarilayotgan, xursandligidan dil roziligini bildirayotgan ayollarimizni ko‘rib, bizning ham kayfiyatimiz ko‘tarildi. Partiyadoshlarimiz ham paxta terishib, ularga yaqindan ko‘mak berishdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri