Qishloq aholisining yashash tarzi yuksalmoqda
“Surxondaryo suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati joriy yilning o‘tgan davrida 4 ming 150 metr ichimlik suv va 200 metr oqova suv tarmog‘ini kapital, 65 ming 800 metr oqova suv tarmog‘ini ta’mirladi.
Yilning o‘tgan davrida dasturda belgilangan ishlarni amalga oshirish uchun korxona 11 370,1 million so‘m o‘z mablag‘ini sarfladi. Termiz tumanida aholining 43 ming 500 nafari yoki 55,4 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Tumanda 6 ta quduq va 51 ta alohida tik suv quduqlari mavjud. O‘tgan yilgi investitsiya dasturiga muvofiq 3,58 milliard so‘m mablag‘ evaziga 22,3 kilometr suv tarmog‘i, 3 ta suv inshooti qurilib, rekonstruksiya qilindi. Joriy yilda “Obod qishloq” dasturi doirasida 2 ta inshoot va 29,1 kilometr suv tarmog‘i qurilib, eskilari rekonstruksiya qilinmoqda. Bu ishlar aholining toza ichimlik suv bilan ta’minlanish darajasini 60 foizdan oshiradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda viloyatning Sariosiyo tumanida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Turmushobod mahallasida 2 ta yangi artezian qudug‘i qazilib, har biri 60 tonna suv sig‘imiga ega yana 2 ta suv idishi o‘rnatildi. Shuningdek, 630 Kv. va 400 Kv. li ikkita yangi zamonaviy transformator o‘rnatilib, foydalanishga topshirildi. Ayni paytda mahallada 4 ming 144 nafar aholi istiqomat qilmoqda. Endilikda sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlangan turmushobodliklarning ko‘ngillari shod, turmushi yanada obod bo‘layotir.
– Qumqo‘rg‘on tumanidagi Bo‘ston mahallasida ham ichimlik suvi og‘riqli muammolardan biri edi, – deydi “Surxondaryo suv taminoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati axborot xizmati rahbari O‘roqali Diyorov. – Shu paytgacha bu yerdagi eski suv inshooti yuzdan ziyod xonadonni ichimlik suvi bilan ta’minlagan bo‘lsa, joriy yilda hududda qiymati 862 million so‘mlik loyiha amalga oshirilib, yangi ichimlik suv inshooti o‘rnatildi. 5,5 kilometrdan ortiq masofaga quvur yotqizilib, yana 200 ta xonadonning ichimli suviga bo‘lgan ehtiyoji qoplandi.

Boysun tumani aholisining shifobaxsh “Xo‘jamayxona” bulog‘i suvi bilan ta’minlanayotgani tog‘li hududda yashayotgan odamlar qalbiga quvonch ulashib, ichimlik suv muammosini bartaraf etayotir. Aholining bugungi kunidan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilmoqda. Bunyodkorlarning 36 kilometr masofadan tumanga shifobaxsh ichimlik suv quvurlarini tortib kelishi uchun respublika byudjetidan 59 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan edi. Hozirgacha tumandagi yettita mahallada yashaydigan 25 ming 685 kishining toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoji qanoatlantirildi. Bu yil Oqjar mahallasida 4,3 kilometr masofaga suv quvuri yotqizilib, bitta maktab, maktabgacha ta’lim muassasasi va boshqa tashkilotlar hamda yuzga yaqin xonadonga toza ichimlik suvi olib kelindi.

Viloyatning Denov, Sho‘rchi, Sherobod kabi tumanlarida ham aholining toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini qondirish yo‘lida yirik hajmdagi bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bularning barchasi keyingi yillarda qishloq odamlari uchun munosib turmush sharoiti yaratib, aholining yashash darajasini tubdan oshirish maqsadida belgilab olingan ustuvor vazifalarning amaldagi samarasidir.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA