Qishga tayyorgarlik – dolzarb vazifa
Shu kunlarda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan respublikamizning barcha hududlarida 2019/2020 yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik
Shu kunlarda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan respublikamizning barcha hududlarida 2019/2020 yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning 2019 yil 30 iyuldagi “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2019/2020 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha vazirlik markaziy apparati, vazirlik tizimidagi barcha tashkilot va korxonalarga aniq vazifalar belgilandi.
Ko‘p qavatli uy-joy fondini mavsumga barqaror tayyorlash, ta’mirlash ishlarini sifatli bajarish, shirkatlar faoliyatini samarali tashkil etish hamda aholini issiqlik energiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha kamchiliklar, aholidan tushgan murojaatlar o‘rganilmoqda.
Vazifalarni belgilashda o‘tgan yillar davomida to‘plangan tajribaga tayangan holda, avvalambor 2018/2019 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish borasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlil qilinmoqda. Shu asosda bu yilgi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimiz bo‘yicha 16 ming 370 ko‘p xonadonli uy issiqlik ta’minoti bilan qamrab olingan bo‘lib, shundan 14 ming 238 ko‘p xonadonli uy markazlashgan issiqlik ta’minoti, 2 ming 132 ko‘p xonadonli uy esa lokal issiqlik ta’minoti tizimi bilan qamrab olingan.
Tasdiqlangan parametrlarga asosan aholini va ijtimoiy soha ob’ektlarini kuz-qish mavsumi davomida uzluksiz issiqlik energiyasi bilan ta’minlash maqsadida joriy yilda 44 markaziy, 46 lokal qozonxona, 808 qozonni, issiqlik tarmoqlarini mukammal va joriy ta’mirlash, izolyatsiya qilish rejalashtirilgan.
Bugunga qadar 41 markaziy, 40 lokal qozonxona, 754 qozon ta’mirdan chiqarildi. 38 kilometr issiqlik tarmog‘i mukammal, 555 kilometri esa joriy ta’mirlandi, 73 kilometr issiqlik tarmog‘i izolyatsiya qoplamasi bilan qoplandi. Pirovardida, bu yil ilk bor qo‘shimcha ravishda 327 ko‘p xonadonli uy issiqlik energiyasi bilan ta’minlanadi.
Mavsumga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan vazirlik qoshidagi “Ko‘p xonadonli uylar, issiqlik ta’minoti ob’ektlarini qurish bo‘yicha injiniring kompaniyasi” DUK tomonidan Toshkent shahrida 1,7 kilometr issiqlik tarmoqlari mukammal ta’mirlanayapti. Toshkent viloyatida esa 58 qozon hamda 1,3 kilometr issiqlik ta’minoti quvurlarini mukammal va joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Issiqlik ta’minoti korxonalarida ishlab chiqilgan issiqlik energiyasini kuz-qish mavsumida uzluksiz iste’molchilarga yetkazishda ko‘p xonadonli uylarning ichki muhandislik kommunikatsiyalari sozligi muhim ahamiyatga ega. Shu sababdan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rishning asosiy yo‘nalishlaridan biri – ko‘p xonadonli uylarning ichki isitish tizimini tekshiruvdan o‘tkazish hisoblanadi. Hozirga qadar 16 ming 370 ko‘p xonadonli uyning yerto‘la qismida joylashgan issiqlik bo‘g‘inlarini ta’mirlash hamda ichki issiqlik tizimini bosim ostida yuvish ishlari amalga oshirildi. Shu bilan birga, xonadonlarning ichida o‘rnatilgan isitish batareyalarini ham mavsumga tayyorlash talab etilmoqda. Ushbu masalada aholi uchun qulayliklar yaratish maqsadida maxsus brigadalar tuzilgan va ular shartnoma asosda xizmat ko‘rsatmoqda.
Ijtimoiy soha ob’ektlarining isitish tizimlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha ham dolzarb masalalar o‘z yechimini topmoqda. Xususan, hududlardagi ko‘mir omborlari orqali 46,1 ming tonna ko‘mir hamda 230,9 ming tonna ko‘mir briketi yetkazib berish choralari ko‘rilmoqda.
Prezidentimiz qarorida aholi iste’moliga 911 ming tonna ko‘mir mahsuloti yetkazib berish rejalashtirilgan edi. Joriy yilning 30 avgust kuniga qadar 59,8 ming tonna ko‘mir mahsuloti yetkazilgan bo‘lib, hududlardagi omborlarda ko‘mir mahsuloti zaxirasi yaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi qoshida 2019/2020 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish hamda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarining kuz-qish davrida barqaror ishlashini ta’minlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha 15 vazirlik va idoralar vakillaridan iborat respublika shtabi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, tajribadan kelib chiqqan holda, 2019-2020 kuz-qish mavsumiga hududlarda tayyorgarlik ko‘rish va ijtimoiy soha ob’ektlarining kuz-qish davrida barqaror ishlashini ta’minlash masalalarini muvofiqlashtirish ishlari Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda 2019/2020 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, uni betalafot o‘tkazish bo‘yicha ishlar jadal davom ettirilmoqda.
Ravshan JO‘RAEV,
O‘zbekiston Respublikasi
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish
vazirligi boshqarma boshlig‘i.