Qishda ham mahsulot mo‘l bo‘ladi
Surxondaryo viloyatida 2016-2017-yillar qish-bahor mavsumi uchun 35 ming 628 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari g‘amlash rejalashtirilgan. Bozorda narx-navo barqarorligi va aholining qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash uchun 57 tayyorlov savdo korxonasi va 28 agrofirma jalb etilgan.
Surxondaryo viloyatida 2016-2017-yillar qish-bahor mavsumi uchun 35 ming 628 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari g‘amlash rejalashtirilgan. Bozorda narx-navo barqarorligi va aholining qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash uchun 57 tayyorlov savdo korxonasi va 28 agrofirma jalb etilgan.Qish-bahor faslida aholini sifatli, arzon qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlarni ro‘yobga chiqarish uchun viloyatda yettita ishchi guruhi tashkil etilib, bajarilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olingan. Ishchi guruhlar tomonidan mahsulotlarni saqlashga ixtisoslashgan omborlar, sovutkichli sig‘imlar xatlovdan o‘tkazilib, manzilli ro‘yxati ishlab chiqilgan. Zaxiraga jamg‘ariladigan mahsulotlarni xarid qilish bo‘yicha tayyorlov korxonalari va ijtimoiy soha muassasalari bilan mahsulot yetishtiruvchilar o‘rtasida shartnomalar tuzilib, bo‘nak mablag‘lari to‘lanmoqda. Mahsulot g‘amlash tadbirlariga jalb etilgan tayyorlov korxonalariga tijorat banklari tomonidan kredit va naqd pul mablag‘lari ajratish, ijtimoiy soha muassasalarining qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasini g‘amlash va ularni joylardagi moliya organlari tomonidan moliyalashtirishni tashkil etish, mablag‘larning maqsadli ishlatilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ijtimoiy soha muassasalarida asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasini g‘amlash, qish-bahor oylarida ichki iste’mol bozoriga savdoga chiqarilishini tahlil qilish, tayyorlov korxonalarining belgilangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini amalda zaxira omborlariga jamg‘arish holatini o‘rganish ham mazkur guruhlar zimmasiga yuklangan.
– Bunday tizim o‘z samarasini bermoqda, – deydi viloyat hokimligi mas’ul xodimi Muhiddin Tilavov. – Barcha ishlar sifatli tashkil etilib, belgilangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasini g‘amlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi va viloyat dehqon bozorlari, savdo komplekslari uyushmasi korxonalari, yirik korxona va tashkilotlar, viloyat xalq ta’limi va sog‘liqni saqlash boshqarmalari, ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari va agrofirmalar mavsumga belgilangan miqdorda kartoshka, guruch, piyoz, meva-sabzavot, poliz va boshqa mahsulotlarni g‘amlamoqda. Mavsum uchun g‘amlanayotgan sifatli, servitamin mahsulotning 18 ming 48 tonnasi 57 ixtisoslashgan va 17 ming 580 tonnasi 41 ta muzlatkichli omborda saqlanadi. Buning uchun barcha omborlarda zarur sharoitlar yaratilgan. Mahsulotlarni saqlash uchun tegishli shartnomalar tuzilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qish-bahor mavsumi uchun viloyatda “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi korxonalari 5 ming tonna, viloyat dehqon bozorlari va savdo komplekslari uyushmasi 1 ming 845 tonnaga yaqin, yirik korxona va tashkilotlar 3 ming 519 tonnadan ortiq, viloyat xalq ta’limi va sog‘liqni saqlash boshqarmalari 2 ming 48 tonna, ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari va agrofirmalar 6 ming 445 tonna, boshqa korxona va tashkilotlar 16 ming 766 tonna asosiy turdagi servitamin oziq-ovqat mahsulotlarini jamg‘aradi.
Joriy yilda fermer va dehqon xo‘jaliklari takroriy ekin sifatida 8 ming 592 gektar maydonda sabzi, 1 ming 205 gektarda qizil lavlagi, 20 ming gektar yerga dukkakli ekin, 1 ming 161 gektarda sholi parvarishlab, salmoqli hosil yetishtirdi. G‘alladan bo‘shagan maydonlarga ekilgan yeryong‘oq, sholg‘om va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan ham mo‘l hosil olindi.