Qish dasturxoni to‘kin bo‘ladi
Mamlakatimizda 2014-2015-yillar qish-bahor oylari uchun asosiy turdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlari zaxirasini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda 2014-2015-yillar qish-bahor oylari uchun asosiy turdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlari zaxirasini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Navoiy viloyatida ham bu borada muayyan ishlar qilinib, qish va bahor mavsumida aholining poliz va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash, bozorda narx-navoning barqaror bo‘lishi uchun tegishli chora-tadbirlar ko‘rilayotir.
Viloyat hokimligi iqtisodiyot bosh boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 20-oktabriga qadar 9 ming 498 tonna asosiy turdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlari zaxirasi yaratilgan. Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.
Yig‘ib-terib olingan meva-sabzavotlarni sifatli saqlash bo‘yicha ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Mavjud zamonaviy sovutish kameralaridan samarali foydalanish imkoniyati kengaytirilib, yangilarini qurish, eskilarini rekonstruksiya qilish ishlari olib borilayotir.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-aprelda qabul qilingan “2011-2015-yillar davrida meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim omil bo‘lmoqda.
Ushbu hujjatga muvofiq, viloyatda o‘tgan davrda bir nechta sovutish kamerasi ta’mirlandi, yangilari ishga tushirildi. Jumladan, Qiziltepa tumanida mahsulot sig‘imi 100, Karmanada 200 tonna bo‘lgan sovutkichlar foydalanishga topshirildi. Ayni paytda Karmana tumanidagi dehqon bozorida sig‘imi 200 tonnali sovutkichli kamerani qurish ishlari davom etmoqda.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasini g‘amlashda tayyorlov savdo korxonalari hamda dehqonchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarining hissasi katta bo‘layotir. Ular tomonidan yetkazib berilayotgan sifatli meva-sabzavotlar qish dasturxoni to‘kin bo‘lishini ta’minlaydi.