Qirolichaning vafoti. Buyog‘i nima bo‘ladi?
Jumadan jumagacha
96 yoshli Buyuk Britaniya Qirolichasi Yelizaveta II so‘nggi oylarda ahvoli og‘irlashgach Shotlandiyadagi Balmoral qasriga ko‘chib o‘tgan edi. U 1952 yilda taxtga o‘tirib, tojni 70 yil davomida, ya’ni eng ko‘p vaqt o‘zida saqlab kelgan (70 yil davomida) monarx sifatida tarixga kirdi.
Mamlakatda 10 kunlik milliy motam e’lon qilindi.
Qirolicha Yelizavetaning jasadi avval Edinburg soboriga, keyinroq Bukingem saroyiga, so‘ngra Vestminster-Xollga keltiriladi. Marhumaning dafn marosimi uning vafotidan o‘n kun o‘tib, Vestminster abbatligida o‘tkazilishi kutilmoqda.
Qirolicha vafotidan keyin Birlashgan Qirollikning monarxligi uning to‘ng‘ich o‘g‘li Uels shahzodasi Charlzga o‘tdi. 73 yoshli Charlz Britaniya taxtiga o‘tirgan eng keksa voris hisoblanadi.
Charlz o‘ziga yangi ism tanladi – Karl III. Bu uning taxtdagi birinchi qarori edi. Aslida monarx o‘zining to‘rtta ismi – Charlz, Filipp, Artur yoki Jorjni tanlashi mumkin edi.
Ommada haqli savol tug‘ildi – rasmiy lavozimga kirishmasdan, toj kiymasdan ham shunday o‘zgarishlarni amalga oshirish mumkinmi? Angliya monarxlari an’anasiga ko‘ra, qirolicha vafot etgandan keyin, taxt kechiktirilmasdan merosxo‘rga o‘tadi. “Qirol hech qachon o‘lmaydi”, degan gap aynan shu misolda yaqqol ko‘rinadi. Mazkur qoida hokimiyatni topshirishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli kelishmovchiliklarning oldini oladi.
Bugun Londonda Vorislik kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Karl III yangi hukmdor, deb e’lon qilindi. Bu marosim Qirolning taxtga chiqishining rasman tasdig‘i edi.
Vorislik kengashi oxirgi marta 1952 yilning fevralida Yelizaveta II taxtaga o‘tirganida to‘plangan edi.
Ko‘p bahslar ham barham topgandek bo‘ldi – Charlzning rafiqasi Kamilla qirolicha bo‘lolmaydi. U hamkor-malika, deb ataladi. Bu haqda Bukingem saroyining bayonotida alohida ta’kidlangan. Qirolichalar odatda qirollarning xotinlariga emas, balki to‘liq hukmdorga aylangan ayollarga aytiladi. Xuddi Yelizaveta II ning marhum eri Edinburg gersogi Filipp qirol unvoniga sazovor bo‘lmagani kabi.

Navbatdagi Uels shahzodasi kim bo‘lishi ham aniq. Uels shahzodasi unvoni qirol unvonidan farqli o‘laroq avvalgi monarxning vafoti paytida avtomatik ravishda o‘tkazilmaydi – yangi qirol uni bir necha oydan keyin (ba’zan yillarga cho‘zilishi mumkin) tayinlanadi.
Charlzning to‘ng‘ich o‘g‘li shahzoda Uilyam allaqachon taxt vorisi bo‘lgan – u hali Uels shahzodasi unvonini olmagan. Tarixdan ma’lumki, bir necha katta o‘g‘illar bu unvonni olishga ulgurmaganlar. Masalan 15 asrda qirol bo‘lgan Genrix VI ushbu unvonni olmasdan taxtda o‘tirgan.
Ozroq bo‘lsada Buyuk Britaniya hayotida qanday o‘zgarishlar sodir bo‘lishi haqida ikki og‘iz. Qirolichaning vafotidan keyin muomalaga chiqariladigan tangalar va banknotlarda yangi qirolning surati tushiriladi. Eski pullar asta-sekin yangilari bilan almashguniga qadar muomalada bo‘ladi.
17 asrning o‘rtalaridan boshlab milliy pullarda Britaniyaning yangi monarxi o‘zidan oldingi monarxga qarama-qarshi tomonga qaragan surati chop etiladi. Yelizaveta banknotlarda o‘ng tomonga qaragan bo‘lsa, Charlz endi chap tomonga qaragan surati qo‘yiladi.
Trass Tetcher bo‘la oladimi?
Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri bo‘lgan Liz Trass Boris Jonsondan meros bo‘lib turgan hukmron Konservativ partiya yetakchisi va Bosh vazir lavozimini egalladi.
Trass Britaniyaning ellik oltinchi hukumat raisi yoki bu lavozimni takror egallaganlar ham hisobga olinsa, 78-Bosh vazir, Qirolicha Yelizaveta II davrida Vazirlar Mahkamasining o‘n beshinchi rahbari bo‘ldi.
U Margater Tetcher (1979-1990 yillar) va Tereza Mey (2016-2019 yillar)dan keyin Vazirlar Mahkamasini boshqargan uchinchi ayol bo‘lib tarixda qoladi.
96 yoshli Qirolicha Yelizaveta II ayrim sabablar tufayli 70 yil ichida ilk bor lavozimni tark etayotgan Bosh vazirni va yangi hukumat rahbarini an’anaviy Bukingem saroyida emas, Shotlandiyaning Balmoral qasrida qabul qildi va biri bilan xayrlashib, boshqasiga “oq fotiha” berdi.
U hukumatni 11 yil boshqargan ijobiy ma’noda “temir xotin” unvonini olgan Tetcher o‘rnini bosa olarmikan, degan bahslar bor. Chunki hukumatga bosh bo‘lgan yana bir ayol bosh vazir Tereza Mey ushbu lavozimda uch yilgina ishlay olgandi, xalos.
6 sentyabrning o‘zida yangi hukumat shakllantirildi.
Britaniya jamiyati ilk kunlardanoq Trassning yaxshi boshqaruvchi bo‘lishiga shubha bilan qaramoqda. “YouGov” kampaniyasi tadqiqotlariga ko‘ra, u Jonsonga qaraganda yomonroq ishlaydi. 67 foiz respondent kelajakda hukumat mamlakatda yashash narxining oshishi bilan o‘tkir inqirozni boshdan kechirishi mumkinligini taxmin qildi.
Gapning indallosi shuki, yangi hukumat rahbari hal etishi lozim bo‘lgan muammolarning hajmi nihoyatda keng. Elektr, yoqilg‘i narxlari balandlagan, oziq-ovqat narxlarining o‘sib ketishi aholining yashash darajasini tushirib yubormoqda, aholining daromadi ham kamaygan, inflyatsiya darajasining yuqoriligi, ipoteka kreditlarini to‘lashdagi muammolar xalqni biroz bezovta qilmoqda.
Buning ustiga, milliy valyuta kursining olti yildan beri pasayib borishi hamda Rossiya-G‘arb qarama-qarshiligi natijasida yuzaga kelgan geosiyosiy muhitni ham muammolar qatoriga qo‘shish kerak.
Yil oxirida iqtisodiy retsessiya – iqtisodiy o‘sish sur’atining yanada pasayishi kutilayotgani, 2024 yilda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlarida 2010 yildan beri hukmronlikni qo‘ldan bermay kelayotgan Konservatorlar hukumatining mag‘lubiyatga uchrashi singari siyosiy muammolar mavjud.
50 yilga kechikkan uzr
Bundan rosa ellik yil avval 5 sentyabrda “Qora sentyabr” guruhining falastinlik terrorchilari Myunxendagi olimpiya shaharchasiga bostirib kirib, Isroil jamoasi a’zolarini garovga oladi. Germaniya xavfsizlik kuchlarining sportchilarni ozod qilishga urinishlari muvaffaqiyatsiz yakunlanadi. Maxsus amaliyot natijasida isroillik 11 sportchi va bir nemis politsiyachisi halok bo‘ladi.
O‘shanda Germaniya tomoni Isroil mutaxassislarining garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha yordam ko‘rsatish taklifini qabul qilmagan.
Oradan 50 yil o‘tib, Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer 1972 yil Myunxen Olimpiadasida isroillik sportchilar yetarli darajada himoya qilinmagani uchun kechirim so‘radi. Hujum oqibatida halok bo‘lgan sportchilarning yaqinlariga 28 million yevro tovon puli to‘lab berishni ma’lum qildi.

Davlat rahbari qurbon bo‘lgan isroillik sportchilar oilasiga tovon puli to‘lab berish uchun ellik yil kutish kerak bo‘lganini sharmandalik, deb atadi.
“Biz uzoq vaqt davomida o‘z yaqinlarini yo‘qotganlarning dardini tan olishdan bosh tortdik. Va uzoq vaqt davomida javobgarlikni o‘z zimmamizga olishni istamadik”, dedi Germaniya Prezidenti.
Isroil Prezidenti Isxak Gersog Germaniyaning bu qarorini “...muhim, adolatli, ma’naviy qadam” sifatida baholadi.
Shu o‘rinda xorijiy ekspertlarning Isroilning “devor-darmiyon” qo‘shnisiga yetkazayotgan zulm, jabr-sitam uchun qachon kechirim so‘rab, vafot qilganlarning oilalariga tovon puli to‘lab berar ekan, degan fikrlarini keltirib o‘tish joiz bo‘ladi.
Abror G‘ULOMOV, O‘zA sharhlovchisi