Qirgʻizistonning oʻz Pariji bor
Qirgʻizistonliklar Parijga borishi, shengen viza olishi va parvoz uchun pul sarflashiga hojat yoʻq.
Qirgʻizistonliklar Parijga borishi, shengen viza olishi va parvoz uchun pul sarflashiga hojat yoʻq. Respublikada 25 yil muqaddam oʻzining Pariji paydo boʻlgan. Kichik savdo punkti poytaxtdan 150 kilometr uzoqlikda Bishkek-Oʻsh trassasida qad rostladi.
Qirgʻiziston “parijliklari“ mamlakatning sovuq qismida – Suusamir vodiysida istiqomat qiladi.
Nima uchun bu yer Parij deb ataladi? Nomni doimiy mijozlar – uzoq masofaga qatnovchi yuk mashinalarining haydovchilari bergan. Oddiy, ammo samarali marketing Parij nomining qoʻyilishiga sabab boʻldi.
“1993 yildan boshlab odamlar bu yerga kelib joylasha boshladi. Oʻsha vaqtda bir-ikkita qahvaxona bor edi. 1995 yilda odamlar oʻtov va chodirlar bilan kela boshladi. Haydovchilar doʻkonlarni chetlab oʻtmasligi uchun hamma oʻz uyini gul va chiroqlar bilan bezay boshladi. Tunda porlab turgani uchun bizni uzoqdan koʻrish mumkin boʻldi. Goʻzal koʻringani bois haydovchilar bu yerni Parij, deya atay boshladi“, – deya tushuntiradi posyolkada yashovchi Sayrash Beyshebayeva.
Gulshatning ham oʻziga yarasha mijozlari bor. Shu yillar davomida koʻplab haydovchilar bu yerga kirib choy ichib ketadi.
“Avvalboshdanoq bizni Parij sifatida tan olgan. Koʻpchilik Qirgʻizistonda shu nomdagi qishloq borligini biladi. Hatto “Kto xochet stat millionerom?“ (“Kim millioner boʻlishni xohlaydi?”) koʻrsatuvida: “Markaziy Osiyodagi Parij qayerda joylashgan?“ degan savol berilgan. Javob Suusamir edi, men shaxsan oʻzim bu koʻrsatuvni koʻrganman“, – deydi ayol.
Qishloqdagi parijliklar bir necha bor haydovchilarga yordam bergan. Mana endi texnika sotib oldi, texnik xizmat koʻrsatish stansiyasi qurildi, avvallari hammasi qoʻlda bajarilar edi. Havo harorati -40 darajada yoʻl chetidan mashinalarni olib kelishar, akkumulyatorlarga quvvat berishardi, gʻildiraklar almashtirilardi.
Xaritada bu yer koʻrsatilmagan. Yer turli tomondan turli tumanlarga qaraydi. Aholi hukumatga murojaat qilib oʻzlarini ajratib qoʻyilmasliklarini va qishloqni qonuniylashtirishlarini soʻramoqda. Ular Parij Chuy viloyatida qishloq yoki posyolka sifatida rasman tan olinishini istashmoqda.