Qidiruvdagi shaxs universitet tashkil etgan
Fuqaro A.A. (firibgarlik jinoyati uchun sirtdan ayb e’lon qilinib, qidiruvda bo‘lgan) va Sh.A. o‘zaro til biriktirib, 2022 yilda mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi nodavlat universitet tashkil etgan.
Ular ushbu muassasada o‘qish istagini bildirgan 18 nafar fuqaroning jami 152,9 million so‘m mablag‘ini qo‘lga kiritib, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Bu holat Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Jarqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan Surxondaryo viloyat DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlangan
Departamentning Denov tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa fuqaro X.M. Tojikiston Respublikasida tahsil olayotgan 21 nafar talabaning o‘qishini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlariga ko‘chirib berish evaziga jami 15 ming 300 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.
Departament matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
O‘zA