Qayta jon kiritilgan “Tashabbusli byudjet” loyihalari (+video)
Barchamizga ma’lumki, bugun “Tashabbusli byudjet” katta ijtimoiy loyihaga aylanib, ayrim mahallalarning infratuzilmasi uchun hayot-mamot masalasi bo‘lib qoldi. Ammo bu jarayonda kimdir ovoz to‘play oladi, kimdir esa oxirgi soniyada chetda qolib ketadi. Yuzlab, minglab odamlarning umidi yakuniy natijalardan so‘ng puchga chiqib, hafsalasi pir bo‘ladi.
Endi esa g‘olib bo‘lmagan loyihalarga yana bir imkoniyat berilmoqda. Ma’lumki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Tashabbusli byudjet” jarayonida Qonunchilik palatasi deputatlarining ishtirokiga oid yangi amaliyot joriy qilindi. Bu amaliyot shu yildan boshlab joylarda ilk marotaba amalga oshirila boshlandi.
Ayni shu “Tashabbusli byudjet” jarayonlari va deputatlarning tanlovlari haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Muhammadjon Valiyev bilan suhbatlashdik.
— Bu yilgi “Tashabbusli byudjet” jarayonlarida ilk bor quyi palata deputatlariga “Open byudjet”da g‘olib bo‘lmagan loyihalar orasidan loyihalarni tanlab olish imkoniyati berildi. Yaqinda deputatlar bu vakolatdan foydalangan holda joylardagi g‘olib bo‘lmagan ko‘plab loyihalarga qayta “jon kiritdi”, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Aytingchi, bu tashabbusning ilk jarayonlari qanday kechdi, loyihalarni tanlab olishda nimalarga e’tibor qaratildi?
— Darhaqiqat, bugun “Tashabbusli byudjet” xalqimizga berilgan katta imkoniyat bo‘ldi. Loyiha asosida mahallalarimizning qiyofasi o‘zgarmoqda, uzoq yillardan buyon yechilmay kelayotgan muammolar hal etilmoqda. Oxirgi yillarda ushbu loyiha o‘z samarasini beryapti. Mahallalar bu loyiha doirasida birlashmoqda.
2026-yildan boshlab deputatlarimizga loyihalarni tanlab olish imkoniyati berilgani deputatlar va saylovchilar munosabatlarini takomillashtirishga xizmat qiladi. Bu yildan har bir deputatimizning tanlagan loyihasiga ikki mavsum uchun jami 3,3 milliard so‘mlik mablag‘ ajratilmoqda.
Deputat g‘olib bo‘lmagan loyiha orasidan tanlashi uchun belgilangan mezonlar bor. Jumladan, har bir loyiha kamida 50 ta ovoz to‘plagan bo‘lishi kerak. Ketma-ket ikki mavsumda g‘olib bo‘lmagan loyiha bo‘lishi lozim. Sherikchilik asosida ham moliyalashtiriladigan loyihalar bor. Ya’ni, aholi o‘z tashabbusi bilan loyihaning 50 foiz mablag‘ini moliyalashtirsa, qolgani davlat byudjetidan yo‘naltirib beriladi. Deputat tanlaydigani esa ana shu sherikchilikda tanlangan loyiha bo‘lmasligi kerak.
Loyihalarni tanlashda aynan shu mezonlarga e’tibor qaratildi va o‘rganishlar davomida loyihaning dolzarbligi, qanchalik muhimligi, u qancha aholiga nafi tegadi va boshqa shu kabilarga jiddiy e’tibor qaratildi. To‘g‘ri, hamma loyiha muhim, lekin eng dolzarbini tanlash zarur bo‘ladi. Bu, albatta, deputatlardan ham katta mas’uliyat talab qiladi.
— Bu safar deputatlar har galgidan farqli ravishda qo‘llarida “yashil karta” bilan, “kalit” bilan hududlarga bordi. Bu jarayonda aholining kayfiyati, reaksiyasi qanday bo‘ldi? Deputatlarning-chi?
— Albatta, g‘olib bo‘lmagan loyiha uchun yana qo‘shimcha imkoniyat berilishi aholining ham kayfiyatini ko‘tardi, ularga yangi umid berdi. Ayrim loyihalar borki, bir necha mavsumdan buyon g‘olib bo‘lolmay kelgan. G‘oliblikka intilgan mahallalar uchun bu qo‘shimcha imkoniyat bo‘lib, turli yo‘nalishlardagi mavjud muammolarni hal etishda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Buni hamyurtlarimiz katta qiziqish va mamnunlik bilan qabul qildi.
Bu jarayon o‘z navbatida, biz deputatlarga ham kayfiyat bag‘ishladi, saylovchilar oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lishiga, yana bir bor ularning ishonchini oqlashga turtki bo‘ldi.
— Birgina “Adolat” SDP fraksiyasi a’zolari misolida raqamlarni ochiqlasangiz — fraksiyaning necha nafar a’zosi joylarga chiqdi va nechta loyiha tanlandi? Ularga jami qancha byudjet mablag‘lari ajratiladigan bo‘ldi?
— Fraksiyamizning 20 nafar a’zosi joylarda o‘rganishlar olib bordi. Loyihalarni joyiga chiqib o‘rgandi. Ular orasida yo‘llarni, maktab, bog‘chalarni ta’mirlash yoki qo‘shimcha binolar qurish, tibbiyot muassasalari bazasini yaxshilash, ichimlik suvi masalasi yoki mahallalarni obodonlashtirish kabi turli yo‘nalishga qaratilgan loyihalar mavjud.
Ular orasidan eng dolzarb deb topilganlari fraksiyadoshlarimiz tomonidan tanlandi va jami 31,5 milliard so‘m byudjet mablag‘lari moliyalashtiriladigan bo‘ldi.
— Deputatlar tomonidan loyihalar tanlandi, mablag‘lar ajratiladigan bo‘ldi. Endi bu loyihalar qachondan amalga oshirila boshlanadi?
— Loyihalar tanlanishi bilan mablag‘lar ajratilishi jarayoni boshlab yuboriladi. Maqsad qisqa fursatda amaliy natijaga erishish. Loyihalar bo‘yicha quruvchi tashkilotlar yoki tadbirkorlar o‘rtasida tender o‘tkazish masalalari turibdi. Bu ham shaffof tarzda o‘tishi uchun nazorat qilinadi. Byudjetning bir so‘mini ham maqsadli sarflash choralari ko‘riladi.
Qo‘shimcha qilib aytish kerakki, hozir birinchi mavsumda tanlov amalga oshirildi. Endi ikkinchi mavsumga tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi. Loyihalardagi mavjud kamchiliklar to‘ldiriladi va keyingi mavsum uchun tayyorgarlik ko‘rila boshlandi. Keyingi mavsumda ham deputatlar tanlovi uchun 1 milliard 600 million so‘m mablag‘lar ajratiladi.
— Demak, “Tashabbusli byudjet”da ovoz yig‘olmagan loyihalarga deputatlar tomonidan “ikkinchi hayot” berilishi, yana imkoniyat berilib, davlatdan mablag‘lar ajratilishi joylardagi muammolar yechimiga xizmat qiladi. Bu esa xalqimiz uchun qulay sharoitlar yaratish, ularning o‘z hayotidan, davlatdan rozi bo‘lib yashashlariga, xalq vakillariga ishonchi ortishiga zamin bo‘ladi.
— Albatta, mamlakatimizdagi islohotlar, avvalo, inson qadriga qaratilgan. “Tashabbusli byudjet”loyihasi yo‘lga qo‘yilganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Qisqa fursatda keng quloch yoydi. Yildan-yilga takomillashib bormoqda, ovoz berish jarayonlari takomillashtirildi, tajriba orttirildi. Bu tashabbus aholiga o‘zi muhim deb bilgan loyihani o‘zlari tanlash imkonini bermoqda. Bu borada deputatlar ishtiroki bilan yana keng imkoniyatlar taqdim etilgani qo‘shimcha mablag‘lar ajratilgan holda loyihalarga hayot bag‘ishlaydi. Bu choralar esa kompleks ravishda yangi O‘zbekiston qiyofasini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/NEWZaTTdVWw" title="Qayta jon kiritilgan “Tashabbusli byudjet” loyihalari " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova, Nishon Abduvoitov,
Anvar Ahmedov (video),
O‘zA