Qaysi oliygoh bitiruvchilari eng yuqori maosh olyapti?
Oliy ta’lim muassasasini tamomlagan bitiruvchilarning mehnat bozoridagi natijadorligi ularning daromadi orqali ham baholanmoqda.
Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining o‘rtacha rasmiy oylik daromadi respublikadagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan bir necha barobar yuqori.
«Bitiruvchilar sifati indeksi» natijalarini aks ettiruvchi maxsus platforma — bsi.nqaae.uz ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil iyul oyidan 2026-yil iyun oyigacha bo‘lgan davrda bitiruvchilarning respublika bo‘yicha o‘rtacha rasmiy oylik daromadi 4,9 million so‘mni tashkil etgan.
Ta’lim yo‘nalishlari kesimida bitiruvchilarning o‘rtacha daromadi ijod (sport) yo‘nalishlarida 6,33 million so‘m, amaliy fanlarda 5,5 million so‘m, ijtimoiy-gumanitar fanlarda 4,61 million so‘m hamda tibbiyot fanlarida 4,43 million so‘mni tashkil etgan.
Bitiruvchilarining o‘rtacha rasmiy daromadi eng yuqori bo‘lgan ta’lim tashkilotlari reytingida Toshkent shahridagi «S.A. Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti» federal davlat byudjet oliy ta’lim muassasasi filiali birinchi o‘rinni egallagan. Ushbu muassasa bitiruvchilarining o‘rtacha oylik daromadi 23,4 million so‘mni tashkil etgan.
Bitiruvchilarining o‘rtacha daromadi yuqori bo‘lgan ta’lim tashkilotlari orasida Inha universiteti 12,6 million so‘mlik ko‘rsatkich bilan ikkinchi o‘rinni egallagan. Toshkent xalqaro Vestminster universiteti bitiruvchilarining o‘rtacha daromadi 12,5 million so‘mni tashkil etgan.
Shuningdek, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bitiruvchilari o‘rtacha 10,6 million so‘m, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bitiruvchilari 10,3 million so‘m, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bitiruvchilari 9,4 million so‘m, Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti bitiruvchilari esa 9,3 million so‘m miqdorida rasmiy oylik daromad olgan.
Indeksni hisoblashda bitiruvchilarning rasmiy qayd etilgan daromadlari inobatga olinadi. Bunda bitiruvchining daromadi u istiqomat qilayotgan hududdagi o‘rtacha ish haqi bilan solishtiriladi.
Hamroz Bayonov,O‘zA