Qaynoq yozning qaynoq xotiralari
Mana issiq yozning issiq tafti ham o‘z nihoyasiga yetdi. Yozda biz yilning boshqa fasliga qaraganda o‘zimizni yaxshi his qilamiz. Va bu tasodif emas, buning o‘ziga xos sabablari bor. Yoz o‘z navbatida eng katta ta’til.
Men bu faslni go‘zalligi va iliqligi uchun sevaman. Yozda hamma joy juda chiroyli, mevalar garq pishgan, gullar ochilgan, ko‘p rangli kapalaklar inson qalbida ajib bir hislarni uyo‘otadi. Ta’tilni har kim o‘zgacha o‘tkazishga harakat qiladi. Yozning iliq kunlarida biz ko‘proq ochiq havoga intilamiz. Negaki, ochiq tabiat qo‘ynidagi sayohat inson salomatligiga foydali. Ba’zilar dengizda ota-onasi bilan dam olsa, boshqalar esa qishloqda o‘tkazadi. Ammo ta’tilni qayerda o‘tkazishdan qat’iy nazar, bu vaqtni sermazmun va maroqli o‘tkazish muhimroq.

Ko‘p yaqin dostlarim, kursdoshlarim yozgi ta’tilda o‘zi tug‘ilgan go‘shalari bag‘riga qaytishdi. Men bu odatni o‘zim uchun o‘zgartirdim. Yozgi ta’til payti shaharda qolishga qaror qildim. Bu vaqt mobaynida universitetimizda o‘z ish faoliyatimni boshladim. Ota-onamga yordam, bundan tashqari shaxsiy rejalarimni amalga oshirish uchun bu yaxshi imkoniyat bo‘ldi.
27 iyun “Ommaviy axborot vositalari xodimlari” kuni munosabati bilan universitetdagi kamtarona faoliyatim tufayli taqdirlandim. Bu kabi ishonch, bildirilgan fikrlardan xursand bo‘ldim, albatta. Bundan tashqari, eng esda qolarlisi O‘zbekiston milliy media assotsiatsiyasi, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida o‘tkazilgan “Navqiron jurnalistlar” nomli "Media Camp 2022" yozgi oromgohi bo‘ldi.

Ushbu oromgoh Toshkent viloyati Bostonliq tumanida joylashgan. 3 kun davom etgan bu tadbir chin ma’noda jurnalistlar uchun ulkan ijod va mahorat maydoniga aylandi.
So‘lim tabiat qo‘ynida professionallar ishtirokidagi uchrashuvlar, mazmunli suhbatlar yangidan-yangi g‘oyalarga boy o‘tdi, deyish mumkin. Tengdoshlarim bu vaqt mobaynida o‘z sohasining yetuk mutaxassislaridan o‘ziga kerakli ma’lumotlarni bilib olishdi va amaliyotda qo‘llashga bel bog‘ladilar. Bunda faqat o‘quv mashg‘ulotlar emas, balki yoshlarni bir nuqtada birlashtirgan va ularni chiniqtirayotgan sport musobaqalari ham o‘tkazildi.

Yosh jurnalistlar millionlar o‘yini bo‘lmish futbol, aql gimnastikasi shaxmat, stol tennisi, volleyboll, suzish kabi sport turlari boyicha kuch sinashdi. Musobaqalarda milliy media assotsiatsiyasi vakillari va oliygoh o‘qituvchilari ham faol ishtirok etdi. Qatnashchilar madaniy hordiq chiqarishi uchun konsert dasturlari ham bo‘lib o‘tdi. Yangi do‘stlar va ular bilan tunda gulxan atrofida gitara ohangida kechgan suhbat juda qiziqarli va maroqli bo‘ldi.
Bu davrlar qiziqarliligi, tayerorlanmasli hamda yorqin lahzalarga boyligi bilan bir umr yodda qolarli bo‘ldi. “Yaxshi dam mehnatga hamdam” deganlaridek bu oromgohdan qaytganda yuqori kayfiyat, xushchaqchaqlik bilan yangi o‘quv yiliga tayyorgarlikni boshlab yubordim. Bu tadbirni tashkillashtirishda barcha tashkilotchilarga hamda univesitetimiz rektori Sherzodxon Qudratxojaga chuqur minnatdorchilik izhor etaman. Biz kabi yoshlar bilan ishlashda hech qachon charchamang.
Diyorbek Jo‘ramirzayev,
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi