Qaynar qishlog‘i tepaliklari olqishlarga to‘ldi
Qashqadaryo viloyati Kitob tumani Qaynar qishlog‘idagi “Navro‘z” tepaliklari ko‘p bora xalq sayllariga guvoh bo‘lgan. Ayniqsa, bahor faslida ushbu tepaliklar yam-yashil tusga kirib lolaqizg‘aldoqlarga to‘ladi va sayl ko‘rinishida o‘tkaziladigan bayram hamda sayllarga mezbonlik qiladi.
Bu gal ham shunday bo‘ldi. Qaynar qishlog‘i “Navro‘z” tepaliklari “Inson qadri ulug‘langan qomus” shiori ostida o‘tkazilayotgan bayram sayliga mezbonlik qildi. Nafaqat tumanning balki viloyatning barcha hududlaridan minglab yurtdoshlarimiz tashrif buyurdi. Sayl ko‘rinishida tashkil etilgan bayramda sport musobaqalari, madaniy chiqishlar va turli ko‘rgazmalar shouni yanada bezadi. Bayram sayli doirasida tashkil etilgan kurash musobaqalari keskin va murosasiz bahslarga boy bo‘ldi. Unda vohaning 100 ga yaqin dongdor polvonlari turli vazn toifasida g‘oliblik uchun gilamga tushdi. Shiddatli va murosasiz kechgan bahslarda bosh sovrin Qashqadaryo farzandi Sherali Jo‘rayevga nasib etdi.
G‘olibga viloyat hokimi nomidan tuya topshirildi. Boshqa tomonda ko‘pkari musobaqasi ham viloyatning manaman degan chavandozlarini bir joyga jamladi. Unda 300 ga yaqin chavandozlar g‘oliblik uchun ot surishdi. Yakunda bosh sovrin tuyani yakkabog‘lik chavandoz Yunus polvon o‘zining “Oqqush” laqabli oti bilan qo‘lga kiritdi. Shundan so‘ng Qaynar qishlog‘i kengliklarida gala-konsert tomoshalari boshlandi.
Markaziy sahna atrofida to‘plangan yuz minglab aholi vakillari elimiz ardog‘idagi san’atkorlar, estradamizning yorqin yulduzlarining ajoyib ijod namunalaridan bahramand bo‘ldi. Kechgacha davom etgan konsert dasturida sho‘x kuy-qo‘shiqlar vohadoshlarni xushnud etdi. Bayram saylida ishtirok etayotgan faol yoshlardan birini suhbatga chorladik.
– Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishi bilan davlat o‘z zimmasiga yana bir mas’uliyatni olmoqda, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining 131-Kitob okrugidan saylangan Qahramonjon Oqilov. – U ham bo‘lsa davlat yoshlarni o‘z himoyasiga olishi masalasi. Yoshlar huquqlari aks etayotgan alohida moddaga ko‘ra, davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi. Ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi. Shuningdek, davlat yoshlarning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun sharoitlar yaratib berishi belgilanmoqda.
[gallery-11592]
O‘qish, munosib ish topish, oila qurish, uyli bo‘lish masalasi har bir yoshni jiddiy o‘ylantiradigan, qiynaydigan masalalardan bo‘lib, bularning barini birdaniga hal qilish juda mushkul. Shu bois davlat endilikda bu kabi masalalarni o‘z zimmasiga olmoqda. Ya’ni, yangilanayotgan Konstitutsiyada yoshlarning sifatli ta’lim olishi, ishga joylashishi, uy-joyga ega bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Men sifatli ta’lim, farzandlarimiz kelajagi uchun hamda barcha hududlar singari qishloq yoshlarining porloq istiqboli uchun mazkur referendumda faol ishtirok etaman.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA