Qatar. Yana bir bosqich ortda qoldi...
Kecha jahon chempionati ikkinchi yarim finalida Fransiya Marokashni 2:0 hisobida mag‘lub etib, finalda Argentina bilan bahslashish imkonini qo‘lga kiritdi. Kilian Mbappe yetkazib bergan to‘pni himoyachi Teo Ernandes akrobatik usulda marokashliklar darvozasiga yo‘lladi. Beshinchi daqiqadagi bu gol Fransiya jamoasini ancha ilhomlantirdi.
Ernandes 1958 yil jahon chempionatlari yarim finalida o‘rnatilgan tez gol urish rekordini yangiladi. O‘shanda Braziliya Fransiya darvozasini o‘yinning ikkinchi daqiqasida ishg‘ol qilgan.
O‘yinda ustunlikka ega bo‘lsa-da, marokashliklar raqib darvozasiga yo‘l topa olmadilar. Omad 80-daqiqada yana fransuzlarga kulib boqdi. Yana Mbappedan uzatma va Randal Kolo Muani osonlik bilan to‘pni manziliga yo‘lladi.

Matchni maydonda tomosha qilgan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron kiyim almashtiriladigan xonaga kirib bordi. “Yurtdoshlarimizga oddiy va musaffo quvonch kerak, buni faqat sport, ayniqsa, futbol beradi. Bu muvaffaqiyat uchun Dide Desham va uning jamoasiga minnatdorlik bildiramiz. Dide uchinchi marta jamoani finalga yetakladi, shubhasiz, biz yana g‘olib chiqamiz. Men sizlar bilan faxrlanaman”, deya futbolchilar ko‘nglini ko‘tardi davlat rahbari.
Fransiyaliklar mundiallarda birinchi bo‘lim tanaffusiga qadar hisobda oldinda bo‘lganda, hech qachon mag‘lub bo‘lmagan ekan. So‘nggi 25 o‘yinda ular g‘olib va faqat bir marta durangga rozi bo‘lishgan.
Desham jahon chempionatlarida jamoasini ketma-ket ikkinchi marta finalga olib chiqqan to‘rtinchi murabbiy bo‘lib tarixga kirdi va Vittorio Potsso (Italiya, 1934, 1938), Karlos Bilardo (Argentina, 1986, 1990), Frans Bekkenbauer (Germaniya, 1986, 1990) qatoridan o‘rin oldi. Jamoani 14 bor g‘oliblik sari yetaklagan mutaxassis Luis Felip Skolariga yetib oldi. Ayni ko‘rsatkich bo‘yicha oldinda faqat Xelmut Shyon (16 yutuq) bormoqda.
Fransuzlarning ikkinchi golini Randal Kolo Muani 79-daqiqada zaxiradan maydonga tushgach, 44-soniyada kiritdi. Bu jahon chempionatlarida zaxiradan chiqib, tezkor gol urishda uchinchi natija. Urugvaylik Richard Morales 2002 yil Senegalga 16 soniya ichida gol urgan, daniyalik Ebbe Sand esa 1998 yil Nigeriya darvozasini zaxiradan chiqqandan keyin 26-soniyada aniq nishonga olgan.

Fransiya va Argentina 18 dekabr kuni Qatarda jahon chempionati final bosqichlarida to‘rtinchi marta musobaqalashadi. 2018 yil 1/8 bosqichda Yevropa jamoasi 4:3 hisobida ustunlikka erishgan. 1930 va 1978 yillarda Argentinaning qo‘li baland kelgan.
Marokash Afrika va arab davlatlari orasida birinchi bo‘lib jahon chempionati medali uchun o‘ynaydi. Xorvatiya bilan bronza medali uchun kechadigan bahs 17 dekabr kuni Doxada o‘tadi.
Marokash bosh murabbiyi Valid Regragiy jamoasi mag‘lubiyatini sharhlab, “biz g‘alaba uchun bor imkonni ishga soldik, bu juda muhim edi. Futbolchilarimiz jonini jabborga berdi, xatoga yo‘l qo‘ymadilar, ikkinchi bo‘limda biz ancha kuchli edik”, dedi afsus bilan.
Aks-sado...
Parijdagi Yelisey maydonida futbol jamoasi g‘alabasi sharafiga mushakbozlik uyushtirildi. Maydondagi xavfsizlikni ikki mingdan ziyod politsiya xodimi ta’minlab turdi.
Yevropaning bir qator mamlakatlarida rozilik va norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Afrika jamoasi mag‘lubiyatidan keyin Fransiyaning qator shaharlarida nizolar chiqdi. Parijda noma’lum kishilar bir qancha mashinaga zarar yetkazdi.
Bryusseldagi ko‘p qavatli uylarning birida Fransiya bayrog‘ini ko‘targan xonadon marokashlik tarafdorlar tomonidan tosh bo‘ron qilindi.
Belgiyada Marokashning yuzga yaqin tarafdori bilan politsiya xodimlari o‘rtasida qisqa muddatli to‘qnashuv kelib chiqdi. Fanatlar Bryusseldagi vokzal yaqinida politsiya xodimlari tomonga pirotexnika va boshqa buyumlar otdi. Politsiya ularga qarshi suv va ko‘z yoshi oqizuvchi gaz yuborib, javob berdi.

Fransiyaning Monpele shahrida mahalliy marokash fanatlari bilan sodir bo‘lgan ziddiyatda 14 yoshli o‘spirin xalok bo‘ldi. Fransuzlar milliy bayroqni avtomobil oynasidan chiqarib ketayotgan payt begona kishilar mashinaga yaqinlashib, bayroqni tortib olmoqchi bo‘ladi. Haydovchi mashinani keskin to‘xtatgan paytda o‘spiringa shikast yetadi, u kasalxonada vafot etadi.
Kecha “Royal Air Maroc” aviakompaniyasi Doxaga va’da bergan 30 ta qo‘shimcha reysdan yettitasini amalga oshira olmadi. Natijada Qatar hukumati talabi bilan ikki mingdan ko‘proq tomoshabin Marokash-Fransiya o‘yinini stadionda ko‘rish baxtidan mosuvo bo‘ldi.
Marokash federatsiyasi yarim final uchun 13 ming chiptani bepul tarqatdi. Bunday baxtga seshanba kuni erta tong “Al-Janub” stadioniga kiraverishda Marokash pasportini taqdim etganlar sazovor bo‘ldi.
Abror XON, O‘zA