Qatar savdo-sanoat vaziri bilan uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Doha shahrida Qatar Davlati Savdo va sanoat vaziri Ali bin Ahmad al-Kuvariy bilan uchrashdi.
Uchrashuvda savdo aloqalarini rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, qo‘shma iqtisodiy tadbirlar o‘tkazish masalalarini muhokama qilindi.
Suhbat chog‘ida mezbonlarga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, investitsiya faoliyati, jumladan, erkin iqtisodiy zonalarda qulay shart-sharoit yaratish va davlat korxonalarini xususiylashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Hamkorlikni rivojlantirish uchun har ikki tomonda ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligini tasdiqlar ekan, Ali bin Ahmad al-Kuvariy iqtisodiyotning barcha sohalarida savdo va investitsiyaviy aloqalarni faollashtirish zarurligini ta’kidladi.
Qatar tomoni, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shma investitsiya loyihalarini ishlab chiqishga, O‘zbekistonning turizm infratuzilmasini rivojlantirishda ishtirok etishga qiziqish bildirdi.
Muloqot davomida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani faollashtirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
O‘zA