Qashshoq davlatlar don kutadi...
Yaponiya don shartnomasini qayta tiklash harakati sustligi global oziq-ovqat xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan tashvishga tushmoqda va Rossiyani xalqaro huquq doirasida shartnomaga qaytishga chaqirmoqda. Bu haqda kun chiqar yurt Vazirlar Mahkamasi Bosh kotibi Xirokazu Matsuno ma’lum qildi. Moskva muayyan talablarni ado etgandan keyin Ukraina don shartnomasining o‘ziga tegishli qismini bajarishga kirishadi, deya bayonot berib kelinadi.
AQSH hukumati Kiyevga yuborilayotgan texnikadan foydalanish bo‘yicha zarur nazorat o‘rnatishni ta’minlamog‘i lozim. Bu haqda amerikalik senator Elizabet Uorren “CBS” telekanaliga intervyusida aytib o‘tgan.
“Mablag‘dan Kiyev maqsadli ravishda foydalanayotganiga ishonch hosil qilishimiz kerak”, – dedi u.
Boshqa senator Mark Kelli esa mazkur ziddiyat oqibatida AQSH va Rossiya o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy to‘qnashuv kelib chiqishi mumkinligini ta’kidladi.
“Vashingtonning yordamisiz Kiyev mag‘lub bo‘lishi aniq, agar hozir muvaffaqiyatsizlikka uchrasak, bir-ikki yildan keyin rossiyaliklar bilan bevosita to‘qnashuvga duch kelishimiz mumkin, bugungi vaziyat shuni ko‘rsatmoqda”, dedi u ham “CBS” telekanaliga intervyusida.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning AQSH va Kanadaga oxirgi safarlari samarali bo‘lmagan. Bu haqda mamlakat sobiq Prezidenti Leonid Kuchmaning maslahatchisi Oleg Soskin bayonot bergan.
– U chiroyli nutq so‘zlashni biladi, g‘arblik sheriklar bir-ikki marta tinglashi mumkin, keyin ensalari qota boshlaydi, – degan maslahatchi. – Zelenskiy bu safarlardan faqat “quruq olqish” olib qaytdi, boshqa natija yo‘q. Uning Kongress ikkala palatasida chiqishi mo‘ljallangan edi, bo‘lmadi. Kanadada ham shu holatni kuzatish mumkin.
Germaniya Mudofaa vazirligi “DW” agentligiga bayonotda Rossiya davlat OAVda chiqqan Ukrainadagi harbiy harakatda nemislarning “Leopard” tanki ekipaji bilan yo‘q qilib yuborilgani to‘g‘risidagi axborotini rad etgan.
Hukumatning Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlari Polsha bozorida sotilishiga qo‘yilgan taqiq saqlanib qolishi to‘g‘risidagi qarori to‘g‘ri bo‘lgan. Bu haqda mamlakat Prezidenti Anjey Duda mahalliy “TVP-1” telekanaliga intervyusida aytgan.
– Varshava polshalik fermerlarni qo‘llash uchun qator choralar ko‘rmoqda, – dedi davlat rahbari. – Ukraina donini qashshoq davlatlarga yetkazib berish tranziti bo‘yicha bor imkoniyatdan foydalanish kerak.
Respublikachilar partiyasidan AQSH prezidentligiga nomzod Ron DeSantis Ukrainaning NATOga qo‘shilishi Qo‘shma Shtatlar xavfsizligi manfaatiga to‘g‘ri kelmaydi, dedi.
– Bu bizga qo‘shimcha majburiyat yuklaydi, ammo evaziga nima olamiz, – deya savol qo‘ygan siyosatchi. – Ukrainaga yordam berishni qisqartirish lozim, Kiyev bu ko‘makni inqiroz tugashi uchun sarflamayapti.
Ukrainaga tezkor-taktik “ATACMS” raketalari yetkazib berishni rejalayotgan AQSH qora bozorga kirib qolishi mumkin, bu esa xavf keltirib chiqaradi, - dedi Buyuk Britaniya Harbiy-havo kuchlari sobiq vitse-marshali Shon Bell “Sky News” telekanaliga.
“ATACMS” – ballistik raketa, qudratiga ko‘ra, Rossiya hududiga bemalol yetib boradi. Bunday raketadan foydalanish ziddiyat jiddiy keskinlashuviga sabab bo‘lishi aniq”, deya qo‘shimcha qildi Bell.
Abror Xon, O‘zA