Qashqadaryolik zukko kitobxonlar aniqlandi
– Kitobga bolaligimdan mehr qo‘yganman, – deydi Qarshi shahridagi Abdulla Oripov nomidagi Ijod maktabining 10-sinf o‘quvchisi Gulruh Panjiyeva. – “Zukko kitobxon” tanloviga Qamashi tumani nomidan qatnashdim. To‘g‘risini aytsam, bu tanlovga adabiyot o‘qituvchimiz Sherali To‘rayev qiziqtirdi va tanlov bo‘layotganini e’lon qildi. Ustoz aytgan asarlarni o‘qidik. Birinchi bosqichdan muvaffiqiyatli o‘tdik. Mana bugun ikkinchi bosqichda ishtirok etdik. Tanlovda birinchi marta qatnashishim. Kelgusi tanlovlarda yuqori o‘rinlarni olishga harakat qilaman.
Yosh avlodning o‘qishga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirish, faol kitobxonlar safini kengaytirish orqali aholi, ayniqsa, yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish, kitobxonlarni ma’naviy va moddiy rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan “Zukko kitobxon” tanlovi Prezidentning besh muhim tashabbusi doirasida har yili an’anaviy ravishda o‘tkaziladi.
Bugun Qarshi shahridagi Yoshlar markazi binosida ushbu tanlovning hududiy bosqichi o‘tkazildi. Musobaqada viloyatning barcha hududlaridan shakllangan jamoalar ishtirok etdi.
[gallery-14338]
Tanlov natijalariga ko‘ra, 1-o‘rin – Mirishkor tumani jamoasi 6 million so‘m, 2-o‘rin – Qarshi shahri jamoasi 4 million 200 ming so‘m, 3-o‘rin – Koson tumani jamoasi 3 million so‘m pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Yosh kitobxon tanlovining barcha faol ishtirokchilari 300 ming so‘m pul mukofoti bilan rag‘batlantirildi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari