Qashqadaryoda “Yosh kitobxon” tanlovining viloyat bosqichi yakunlandi
Qashqadaryo viloyatida yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularning intellektual salohiyatini oshirish hamda mutolaaga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirishga qaratilgan “Yosh kitobxon” tanlovining viloyat bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi.
Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan mazkur tanlovda turli hududlardan saralab olingan bilimdon yoshlar ishtirok etib, o‘z bilim va salohiyatini sinovdan o‘tkazdi. Qatnashchilar “Badiiy asarlar bilimdoni” hamda “Tezkor savol-javob” shartlari orqali adabiyot, tafakkur va zehn sinovida bellashdi.
Tanlov jarayonlari ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida tashkil etilgani, ishtirokchilarning bilim va mahoratlari hakamlar hay’ati tomonidan xolis baholangani tadbirning nufuzini yanada oshirdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 10-14 yosh toifasida Qarshi tumanilik Charos Kamolova, 15-19 yosh toifasida qamashilik Flura Xolmurodova, 20-30 yosh toifasida mirishkorlik Hayitoy Homidova g‘olib deb topildi.
[gallery-29012]
G‘oliblikni qo‘lga kiritgan 1-o‘rin sohiblari tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Shuningdek, 2 va 3-o‘rin egalari hamda faol ishtirok etgan yoshlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bunday tanlovlar yosh avlodning ma’naviy dunyoqarashini boyitish, kitob mutolaasiga bo‘lgan mehrini oshirish va kelajakda yurt ravnaqi uchun munosib kadrlar yetishib chiqishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari