Qashqadaryoda “Xon atlas haftaligi”
Xon atlasdan tikilgan libosning xotin-qizlarga yarashib turishini butun dunyo e’tirof etgan. Afsuski bugun iroqi do‘ppiyu xon atlasdan ko‘ylak kiygan xotin-qizlarni faqat bayram va sayllarda ko‘rishga odatlanib qoldik. Aslida sof ipakdan tayyorlangan atlas, adras, shoyi kabi matolar inson salomatligi uchun ham foydali.
Respublikamiz bo‘ylab 9-14 sentyabr kunlari o‘tkazilayotgan “Xon atlas haftaligi” o‘zbek ayollarining mana shunday unutilayotgan milliy kiyinish an’analarini yodga solgandek bo‘ldi.
Qashqadaryoda ham ushbu haftalik ko‘tarinki ruhda tashkil etilmoqda.
Haftalikni o‘tkazishdan maqsad o‘zbek xalqining ko‘p asrlik o‘tmish madaniyati, urf-odat va an’analari, didi, estetik qarashlari, shuningdek, tashqi qiyofa, libos borasida o‘ziga xos xususiyatlarini namoyish etishdir.
Haftalik doirasida barcha toifadagi xotin-qizlar, uy bekalari, o‘quvchi-talaba qizlar, yosh kelinlar, turli tashkilotlarda faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar o‘rtasida milliy qadriyatlarni targ‘ib etuvchi tadbirlar tashkil etilmoqda.
[gallery-19209]
Jumladan, tadbir doirasida Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabida ham ko‘rgazmalar, modalar namoyishi, chellenjlar tashkil etildi.
– Milliy liboslarimiz xalqimizning necha asrlik o‘tmishi, urf-odat va qadriyatlarini asrab avaylab, kelajak avlodga yetkazishda go‘zal vosita bo‘lib xizmat qiladi, – deydi viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi rahbari Ziyoda Aminova. – Atlas, adras kiygan o‘zbek ayollarining latofati, nazokati namoyish bo‘lishi bilan birga, go‘zallik qo‘shiladi. Yana bir muhim jihati tabiiy ipak matosidan tayyorlangan xon atlas va adraslar ayollar salomatligi uchun ham foydalidir. Viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi tomonidan haftalik davomida viloyatdagi 828 ta mahallada, 200 dan ortiq muassasa, tashkilot va idoralarda “Xonatlas haftaligi” zo‘r ko‘tarinki ruhda o‘tkazilmoqda. Bog‘chalarda boshlangan haftalik tashkilot, muassasalarda, xonadonlarda davom etmoqda. Momolarimiz liboslarini ardoqlab, qadimiy bichim va fasonlarni qayta tiklash, ularni targ‘ib qilish orqali yosh avlodning qiziqishlarini orttirish, an’analar davomiyligini ta’minlashga asosiy e’tibor qaratilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, o‘zbek milliy shoyi matolari – atlas va adrasni tayyorlash texnologiyasi YUNESKO nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha ilg‘or tajribalar ro‘yxatiga kiritilgan
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari