Qashqadaryoda sanitariya-gigiyena laboratoriyasida 20 mingdan ortiq tahlil o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
Qashqadaryo viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining sanitariya-gigiyena laboratoriyasida aholi salomatligini muhofaza qilish, oziq-ovqat mahsulotlari, ichimlik suvi, tashqi muhit ob’ektlari hamda mehnat sharoitlari xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan laboratoriya nazorati muntazam amalga oshirilmoqda.
Laboratoriya ovqatlanish, kommunal va mehnat gigiyenasi, toksikologiya hamda zaharli kimyoviy moddalar qoldiqlarini aniqlash yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi. Bu yerda oziq-ovqat mahsulotlari, ichimlik suvi, ochiq suv havzalari, tuproq, atmosfera havosi, xalq iste’moli mollari va boshqa ob’ektlarning sanitariya-kimyoviy tahlillari o‘tkaziladi.
Akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyada 70 dan ortiq zamonaviy sinov usuli joriy etilgan bo‘lib, tahlillar xalqaro talablarga mos zamonaviy uskunalarda amalga oshiriladi.
[gallery-30374]
Joriy yilning yanvar–iyun oylarida laboratoriyada jami 20 ming 412 ta tahlil o‘tkazildi. Ularning 288 tasida sanitariya me’yorlari talablariga nomuvofiqlik aniqlanib, belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rildi.
Ayni paytda laboratoriyada 40 nafar malakali mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Ular laboratoriya nazorati sifatini oshirish, mahsulotlar xavfsizligini ta’minlash va aholi salomatligini muhofaza qilishga xizmat qilayotgan tahlillarni amalga oshirmoqda.
Jamshid NORQOBILOV (surat), O‘zA